Namanganda 7 yashar qiz zo‘rlanishi ortidan jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
17 Oktabr 2025 9677 2 daqiqa
Avvalroq, Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 7 yashar qiz 38 yoshli qarindoshi tomonidan zo‘rlangani xabar qilingandi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi
Bildirilishicha, Yangiqo‘rg‘on tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov olib borilmoqda.
“Bolalar ombudsmani qonunda belgilangan vakolatlari doirasida mazkur jinoyat ishi yurituvida bola manfaatlarining ta’minlanishi yuzasidan o‘z kuzatuvini olib bormoqda”, deydi Surayyo Rahmonova.
Ma’lumot uchun, jinoyat joriy yilning 14 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchi tog‘asining uyidagi to‘yga borgan va uning 7 yashar nevarasini aldab, nomusiga teggan va voqea joyidan yashiringan. Erkak 2 kundan so‘ng topilgan va kecha, 16 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudining ajrimi bilan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan shaxs oldin ham 2 marta shunga o‘xshash jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan va ma’lum muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yozda Toshkent viloyati tumanlaridan birida erkak o‘z qiziga zo‘ravonlik qilgani aniqlangandi. 24 iyul kuni sud qaroriga ko‘ra, erkak o‘z farzandiga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud tomonidan unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 3-qismi, “a”, “b”, “e” bandlari asosida 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Live
Barchasi