Nabiullina “qora ro‘yxatda”: Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Olam

image

Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Ro‘yxatga Rossiya banki (Markaziy bank) rahbari Elvira Nabiullina ham kiritildi. Bu haqda Britaniya hukumati saytida kecha, 30 sentyabr kuni yangilangan sanksiyalar ro‘yxatida aytilgan.

Qayd etilishicha, Nabiullina Rossiya Markaziy banki rahbari sifatida ishlab, uning hukumatini qo‘llab-quvvatlab, foyda ko‘rayotgani uchun “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.

Endilikda unga Buyuk Britaniyaga kirish taqiqlandi va mamlakatga Nabiullinaning mol-mulki aniqlansa, u muzlatiladi.

Britaniya TIV ma’lumotiga ko‘ra, Qirollik Rossiyaga muhandislik, arxitektura, audit, yuridik, reklama va IT-kompaniyalarining xizmatlaridan foydalanishni taqiqlaydi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida eksporti taqiqlangan tovarlar ro‘yxatini kengaytiradi.

Qayd etilishicha, Birlashgan Qirollik xalqaro hamkorlari bilan birgalikda Rossiyaning o‘z kompaniyalarining muhandislik va arxitektura xizmatlaridan foydalanishini to‘xtatish ustida ishlamoqda. Rossiya bunday xizmatlarning 77 foizini G7 davlatlaridan import qiladi va bugungi kunda ko‘rilayotgan choralar Rossiya sanoatining asosiy tarmoqlarini rivojlantirishga sezilarli darajada to‘sqinlik qiladi. Bu chora-tadbirlar, shuningdek, Rossiyaning auditorlik va reklama kompaniyalari tomonidan taqdim etiladigan jahon darajasidagi professional xizmatlardan foydalanish imkoniyatini to‘xtatadi.

Hujjatda aytilishicha, Rossiyaga audit, buxgalteriya hisobi va soliq maslahati xizmatlari importining taxminan 80 foizi Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi, bu choralar Rossiya biznesining xalqaro miqyosda raqobatdoshlik qobiliyatini yanada pasaytiradi.

Taqiq Buyuk Britaniyadan Rossiyaga deyarli 700 turdagi tovarlarni eksport qilishni ham o‘z ichiga oladi. Ro‘yxatga mamlakat ishlab chiqarish sektori faoliyati uchun muhim bo‘lgan yuzlab toifadagi tovarlar kiritilgan bo‘lib, Rossiya har yili Buyuk Britaniyadan bu mahsulotlarni sotib olishga 200 million funt sterling (223 million dollar – tahr.) sarflaydi.

Rossiya Federatsiyasiga IT-xizmatlarini eksport qilish, jumladan, ilovalarni ishlab chiqish va IT tizimlarini loyihalash, shuningdek, tranzaksiya va bir qator tijorat xizmatlarini ko‘rsatishda huquqiy maslahatlar berish ham taqiq ostida qoldi.

Qayd etish kerakki, Rossiya Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarini anneksiya qilishi ortidan sanksiyalarning yangi to‘lqiniga duch keldi. Bundan oldin Kanada va AQSH ham Rossiyaga qarshi yangi cheklovlar choralarini joriy qilgandi. Yevropa Ittifoqi ham sanksiyalarning sakkizinchi paketini qabul qilishga tayyorlanyapti.

Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabr kuni Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing