Nyu-Yorkda Trampning biznesi taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Nyu-York shtati bosh prokurori Letitsiya Jeyms suddan Trump Organization aktivlari bilan bog‘liq firibgarlik ishi bo‘yicha AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampdan 370 million dollar undirishni talab qildi. Bu haqda ABC telekanali xabar berdi.

Prokuratura Tramp o‘z aktivlarining oshib ketgan qiymati tufayli qo‘lga kiritgan daromadlarini aynan shuncha ekanini hisoblagan. Bundan tashqari, Jeyms suddan Tramp va Trump Organization’ning ikki sobiq xodimi Allen Vaysselberg va Jeffri Makkonini Nyu-York shtatida ko‘chmas mulk sohasida faoliyat yuritishini umrbod taqiqlashni so‘ramoqda.

Qayd etish joizki, Nyu-York prokuraturasi 2022 yil sentyabrda Tramp va uning kompaniyasiga qarshi fuqaroviy firibgarlik bo‘yicha sudga murojaat qilgan. Jeymsning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya kreditlar va sug‘urta bo‘yicha yanada qulayroq shartlarni olish uchun aktivlar qiymati haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergan. Prokurorlarga ko‘ra, aktivlar qiymati 2,23 milliard dollarga oshirilib, 3,6 milliard dollarga yetkazilgan. Xususan, Trampning Floridadagi mulki, Manxettendagi “Trump Tower” osmono‘par binosidagi kvartiralari, bir nechta ofis binolari va golf maydonlari narxi oshirilgan. Trampning himoya jamoasi bu ayblovlar asossiz ekanini va mulk narxi turli sabablarga ko‘ra vaqt o‘tishi bilan o‘zgargan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Kongressining Vakillar palatasidagi demokratlar Donald Trampni davlat rahbari sifatidagi faoliyati davomida xorijiy hukumatlardan 7,8 million dollardan ko‘proq mablag‘ olganlikda ayblagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp N'yu-York Trump Organization

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing