Nyu-York milliarderlari Mamdaniga qarshi chiqdi
Olam
−
11:10 3413 2 daqiqa
Nyu-Yorkning eng boy aholisi shahar meri Zohran Mamdaniga qarshi chiqdi. Bunga sabab – qiymati 5 million dollardan yuqori bo‘lgan ikkinchi uy-joylarga yangi soliq joriy etish tashabbusi bo‘ldi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Mazkur soliq milliarder Ken Griffinga tegishli hashamatli pentxaus bilan bog‘liq holat ortidan yanada keskinlashdi. Dastlab meriya bayonotida xaridor noto‘g‘ri ko‘rsatilgan, keyin esa bu uy-joy Citadel LLC asoschisi Griffin tomonidan sotib olingani aniqlangan.
Yangi soliq tashabbusi Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul bilan birga ilgari surilgan. Uning maqsadi – shahar byudjetini to‘ldirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish. Biroq bu g‘oya boylar hamda Prezident Donald Tramp tomonidan keskin tanqid qilingan.
Nashrning yozishicha, hatto Demokratlarga yaqin bo‘lgan milliarderlar ham Mamdani siyosatidan norozi. Ularning fikricha, muammo faqat soliqda emas, balki merning ayrim tadbirkorlarga nisbatan shaxsiy tanqidlarida ham.
Griffinning kompaniyasi – Citadel LLC Nyu-Yorkdagi Park-avenyuda rejalashtirilgan yirik qurilish loyihasidan voz kechishi mumkinligini ham bildirilgan. Ushbu loyiha 4,5 milliard dollar daromad keltirishi, 6200 ta qurilish ish o‘rni va 15 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratishi kutilayotgan edi.
Lloyd Blankfein va Ken Langone kabi yirik biznes vakillari Griffin tarafini olib, uning shaharga investitsiya va ish o‘rinlari olib kirayotganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, so‘rov natijalariga ko‘ra, Zohran Mamdani aholining keng qatlamlari orasida hanuz mashhur: faoliyatining ilk 100 kunida 48 foiz respondent uning ishini ma’qullagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi soliq orqali shahar byudjetiga yiliga taxminan 500 million dollar tushum kiritish rejalashtirilmoqda. Mablag‘lar bepul avtobuslar va maktabgacha ta’lim kabi ijtimoiy dasturlarni kengaytirishga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Zohran Mamdani o‘tgan yil noyabr oyida mer etib saylangan. U bu lavozimdagi ilk musulmon va janubiy osiyolik kelib chiqishga ega siyosatchi hisoblanadi hamda o‘zini “demokratik sotsialist” sifatida ta’riflaydi.
Live
Barchasi