Nyu-Yorkning birinchi musulmon meri saylandi

Olam

image

Demokratlar partiyasidan nomzod Zohran Mamdani 4 noyabr kuni Nyu-York meri saylovida g‘alaba qozondi. Bu haqda AQSH saylov natijalarini onlayn tarzda e’lon qilib boradigan DDHQ portali ma’lum qildi.

U respublikachi Kyortis Sliva va mustaqil nomzod sifatida qatnashgan Nyu-York sobiq gubernatori Endryu Kuomoni ortda qoldirgan.

Sayt ma’lumotiga ko‘ra, byulletenlarning 38 foizi hisoblangach, Mamdani 49,7 foiz ovoz to‘plagan. Mustaqil nomzod – sobiq gubernator Endryu Kuomo 41,6 foiz, respublikachi Kyortis Sliva esa 8,1 foiz ovoz olgan.

CNN telekanali esa O‘zbekiston vaqti bilan 07:30 holatiga ko‘ra, 52 foiz ovozlar sanab bo‘linganini xabar qildi. Shu natijalarga ko‘ra, Mamdani 49,6 foiz, Kuomo 41,5 foiz, Sliva esa 8,1 foiz ovozga ega.

Hozirgi kunda Nyu-York merining vazifasini Erik Adams bajarib kelmoqda. U avval saylovga mustaqil nomzod sifatida qayta qatnashmoqchi bo‘lgan, biroq sentyabr oyida poygadan chiqayotganini e’lon qilgan.

2024 yilning oktyabrida Mamdani o‘z nomzodini e’lon qilganida, ko‘pchilik uning g‘alabasiga ishonmagan edi. Bugun esa u AQSH siyosatida tez ko‘tarilayotgan yangi nomga aylandi, tarafdorlari soni esa ortib bormoqda. 34 yoshli Mamdani Nyu-York tarixida mer lavozimini egallagan birinchi musulmon bo‘ldi.

Zohran Mamdani Ugandada, Hindistondan kelgan oilada tug‘ilgan. Onasi – mashhur kino rejissyor Mira Nair, otasi – olim Mahmud Mamdani. U 5 yoshida oilasi bilan Janubiy Afrikaga, ikki yildan keyin esa Nyu-Yorkka ko‘chib kelgan. AQSH fuqaroligini 2018 yilda olgan.

2020 yilda u Nyu-York shtati Assambleyasiga saylangan. Dastlab uning merlik uchun imkoniyatlari juda kam deb baholangan bo‘lsa-da, u partiya ichidagi saralashda 56,4 foiz ovoz bilan g‘alaba qildi.

U uzoq yillar kam ta’minlangan fuqarolarga uy-joy masalasida yordam bergan. Shu sababli uning saylovoldi kampaniyasidagi asosiy mavzu – arzon uy-joy muammosi bo‘lgan.

Mamdani 2017 yildan buyon AQSHdagi eng yirik sotsialistik tashkilot – “Amerika demokratik sotsialistlari” a’zosi. U boylar uchun soliqlarni oshirish, minimal ish haqini 2030 yilgacha soatiga 30 dollargacha ko‘tarish, bepul maktabgacha ta’lim va avtobusda bepul qatnov tizimini joriy qilish tarafdori.

Mamdani chap qarashlari sabab ko‘p tanqid qilinadi. Iqtisodchilar va ayrim biznes vakillari uning rejalari ish o‘rinlarini kamaytirishi va kompaniyalarni shahardan ketishga majbur qilishi mumkinligini aytmoqda.

Mamdani uzoq yillardan beri Falastin huquqlarini qo‘llab keladi. Bu esa dunyodagi eng yirik yahudiy diasporasi yashaydigan shaharda bahs-munozaraga sabab bo‘lgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp ochiqchasiga Mamdanini tanqid qilib keladi. U hatto Mamdani g‘alaba qozongan taqdirda Nyu-Yorkka qo‘shimcha federal mablag‘ ajratmasligini aytgan. Tramp uni “kommunist, aqldan ozgan” deb atagan. 

Ekspertlar Tramp va Mamdani o‘rtasidagi kelajakdagi to‘qnashuvlar AQSH siyosatida yangi mojaro maydoniga aylanishi mumkinligini aytmoqda.

Ma’lumot uchun, Nyu-Yorkda 8,5 million aholi yashaydi, yiliga 65 million sayyoh tashrif buyuradi. Meriya 116 milliard dollarlik budjetni boshqaradi, maktablar, politsiya, jamoat transporti va boshqa ko‘plab sohalar shu hokimiyatga bo‘ysunadi. Shahar butun dunyo uchun iqtisodiy va madaniy markaz bo‘lgani sabab, Nyu-York meri nafaqat ichki, balki xalqaro siyosatning ham muhim o‘yinchisi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Mamdani bundan oldin agar Nyu-York meri bo‘lib saylanadigan bo‘lsa, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hamda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni qo‘lga olish bo‘yicha order chiqarishga va’da bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp N'yu-York Zohran Mamdani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing