Nyu-York merligiga nomzod endi Putinni ham qo‘lga olish uchun order va’da qildi (video)
Olam
−
01 Oktabr 2025 6520 2 daqiqa
Hozirda Nyu-York meri lavozimi uchun eng asosiy nomzod bo‘lib turgan Zohran Mamdani agar bu lavozimni egallaydigan bo‘lsa, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hamda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni qo‘lga olish bo‘yicha order chiqarishga va’da berdi. Bu haqda u CNN telekanaliga intervyu berish chog‘ida aytib o‘tgan.
Mamdani jurnalistning: “Netanyaxu hozir Nyu-Yorkda, biroq Xalqaro Jinoyat Sudi (XJS) unga qarshi qidiruv e’lon qilgan. Agar siz Nyu-York meri bo‘lsangiz, uni “genotsid”da ayblagan inson sifatida bu vaziyatda nima qilgan bo‘lardingiz?” degan savoliga keskin tarzda javob qaytardi. Shuningdek, Mamdani bu kabi holatlarda AQSH rahbari Donald Trampning yo‘lidan ketmasligini va doim qonunga amal qilgan holda ish tutishini ma’lum qilgan.
“Men bir necha bor aytdim – bu shahar xalqaro qonunlarga sodiqdir. Bu shahar qadriyatlari haqiqiy majburiyatlarda aks etishi kerak. Shuning uchun XJSning qidiruv orderlariga amal qilishimiz lozim, bu Netanyaxu bo‘ladimi, Putin bo‘ladimi farqi yo‘q. Men Donald Tramp emasman – qonunlarni o‘zim xohlagancha o‘zgartirmayman, balki ularga rioya qilaman. Har qanday vaziyatda qonuniy yo‘l bilan hisob-kitobni amalga oshiraman”, degan u.
Nyu-York merligiga nomzod yana Netanyaxu haqida ham “juda iliq” fikrlar aytgan.
“U deyarli 2 yil davomida soatiga bitta falastinlik bolani o‘ldirgan “genotsid”ni uyushtirgan. Bizga bu haqda minglab dahshatli hikoyalar kelmoqda. Masalan, Nyu-Yorkda yashaydigan bir falastinlik ayolning 85 nafar oila a’zosi Isroil harbiylari tomonidan G‘azoda o‘ldirilgan. Bu odamiylikka umuman to‘g‘ri kelmaydigan ish”, deydi Mamdani.
Eslatib o‘tamiz, Mamdani bundan oldin agar Nyu-York meri bo‘lib saylanadigan bo‘lsa, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olish uchun order berishga va’da bergan edi.
Nodir Shukurov
Live
Barchasi