Nyu-York cho‘kyapti

Bu qiziq

image

Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQSHning Nyu-York shahri osmono‘par binolarining og‘irligini ko‘tarolmay har yili o‘rtacha 1-2 millimetrga cho‘kmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, shaharning asta-sekinlik bilan cho‘ka boshlashi suv toshqinlari xavfini oshiradi. Uning cho‘kish jarayoni global iqlim isishi va muzliklarning erishiga qo‘shilib, dengiz sathi ko‘tarilishi tezligi ikki baravarga ortishiga xizmat qilmoqda. 

Tahlillarga ko‘ra, 1950 yildan buyon Nyu-Yorkda dengiz suvining sathi 22 santimetrga ko‘tarilgan. Holat shunday davom etsa, asr oxiriga borib, dengiz sathining ko‘tarilishi va iqlim o‘zgarishi ortidan keladigan kuchli to‘fonlar kombinatsiyasi oqibatida suv toshqinlari hozirgiga nisbatan 4 baravarga ko‘payishi mumkin. 

“Earth's Future” (“Yerning kelajagi”) jurnalida chop etilgan tadqiqot xulosasida shunday deyiladi: 

“8,4 millionlik zich joylashgan aholi istiqomat qiluvchi Nyu-York shahri suv toshqini tufayli turli darajadagi xavf-xatarlarga duch kelmoqda”.

Jurnal maqolasida qo‘shimcha qilinishicha, iqlim o‘zgarishi oqibatida Nyu-York bilan sodir bo‘ladigan bu holat vaqt o‘tgani sayin dunyoning boshqa dengizbo‘yi shaharlarida ham kuzatilishi mumkin. 

“Tektonik va antropogen cho‘kish, dengiz sathining ko‘tarilishi va bo‘ronlar intensivligining uyg‘unligi qirg‘oq va daryo bo‘yidagi hududlarda muammoning tezlashishini anglatadi”, deb yoziladi jurnalda. 

Cho‘kish tendensiyasi shahar infratuzilmasining katta qismiga ta’sir qilayotgani aytilmoqda. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mashhur binolar Empayr-steyt-bilding va Kraysler-bildingning umumiy og‘irligi qariyb 386 ming tonnaga teng. Shahardagi ko‘plab binolar qattiq tog‘ jinslari ustiga qurilgan bo‘lsada, u yerda qum va gil aralashmasi ham mavjud bo‘lib, ular AQSHning sharqiy g‘irg‘og‘idagi tabiiy cho‘kish effektini kuchaytiradi. 

Ma’lumot uchun, Nyu-Yorkda 2012 yil Sendi to‘foni katta talafotlarni keltirib chiqargandi. 2021 yilgi Ida to‘foni esa shaharni suv bosishiga sabab bo‘lib, bir nechta odamni hayotdan olib ketdi. Olimlarning aytishicha, har ikkala hodisa ham global isish ta’siridan kelib chiqqan.


Maqola muallifi

Teglar

N'yu-York toshqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing