MYUdan yana g‘alaba, “Siti” esa ochko yo‘qotdi. APLda 24-tur qanday o‘tdi?

Sport

image

Kecha, 1 fevral kuni Angliya Premer-ligasining 24-turi doirasidagi uchrashuvlar yakunlandi. Turning markaziy bahsida “Manchester Siti” Londonning “Tottenxem” jamoasiga qarshi bahsda durang natija qayd etdi. Peshqadam “Arsenal” esa “Lids”ni yirik hisobda mag‘lub etdi. “Manchester Yunayted” so‘nggi daqiqalarda urilgan gol evaziga “Fulxem” ustidan g‘alabaga erishdi.

“Brayton”-“Everton” – 1:1. “Brayton” dastlab Paskal Grosning goliga evaziga hisobda oldinda borayotgan edi, biroq o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Betonning goli “Everton”ga yakunda bir ochko olib keldi.

“Lids”-“Arsenal” – 0:4. Peshqadam “Arsenal” mehmonda “Lids”ni yirik hisob bilan mag‘lub etdi. Londonliklar safida gollarga Martin Subimendi, Noni Madyueke, Viktor Gyokeres va Gabriel Jezus mualliflik qildi.

“Vulverxempton”-“Bornmut” – 0:2. “Bornmut” mehmonda “Vulverxempton”ni ishonchli hisobda mag‘lub etdi va turnir jadvalida 12-o‘ringa ko‘tarildi.

“Chelsi”-“Vest Xem” – 3:2. “Chelsi” o‘z maydonida “Vest Xem”ga qarshi kambekka erishdi. “Aristokratlar” 0:2 hisobida ortda qolayotgan bo‘lsa-da, yakunda uchta gol kiritib, g‘alabani o‘z nomiga rasmiylashtirdi.

“Liverpul”-“Nyukasl Yunayted” – 4:1. Turning markaziy uchrashuvida “Liverpul” “Nyukasl”ni yirik hisobda mag‘lub etdi. Mezbonlar safida Ekitike 2 marta, Virs va Konate bir martadan gollarga mualliflik qildi.

“Aston Villa”-“Brentford” – 0:1. Turdagi eng kutilmagan natija ushbu o‘yinda qayd etildi. “Brentford” mehmonda “Aston Villa”ni kichik hisobda mag‘lub etdi.

“Manchester Yunayted”-“Fulxem” – 3:2. “Manchester Yunayted” dramatik uchrashuvda “Fulxem”ni mag‘lub etdi. MYU dastlab 2:0 hisobida oldinda borayotgan edi, biroq “Fulxem” 85 va 90+1 daqiqalardagi gollari evaziga hisobni tenglashtirdi. 90+4 daqiqada Sheshkoning goli “qizil iblislar”ning g‘alabasini ta’minladi.

“Nottingem Forest”-“Kristal Pelas” – 1:1. Har ikki jamoa bitta gol bilan durang natijaga erishdi va bir ochkoni bo‘lishib oldi.

“Tottenxem”-“Manchester Siti” – 2:2. Turning markaziy bahsida “Manchester Siti” dastlab 2:0 hisobida oldinda borayotgan edi, biroq “Tottenxem” ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirdi va bir ochkoni qo‘lga kiritdi. Ushbu o‘yinda Abduqodir Husanov to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi.

“Sanderlend”-“Byornli”. Bu uchrashuv bugun, 2 fevral kuni tunda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, ayni paytda turnir jadvalida Londonning “Arsenal” jamoasi 53 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Manchester Siti” 47 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda, “Aston Villa” esa 46 ochko bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi. Angliya Premer-ligasida navbatdagi tur uchrashuvlari joriy yilning 6 fevral sanasidan boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Prem'er-liga “Manchester Siti” Abduqodir Husanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing