Muzeydan qariyb 4 mln yevrolik zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketildi
Olam
−
06 iyul 2963 1 daqiqa
Fransiyaning shimoli-sharqidagi Lalique muzeyida yirik o‘g‘irlik sodir etildi. Noma’lum shaxslar muzeyga bostirib kirib, qiymati qariyb 4 million yevroga baholanayotgan zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 6 iyulga o‘tar kechasi Vingen-sur-Moder shahridagi muzeyda sodir bo‘lgan. Tergov manbalariga ko‘ra, o‘g‘rilar tonggi soat 05:30 atrofida binoga kirib, to‘g‘ridan to‘g‘ri zargarlik buyumlari saqlanadigan zalga kirgan.
“Yigirmaga yaqin zargarlik buyumlari o‘g‘irlangan. Hozirda zarar baholanmoqda, ammo u bir necha million yevroga, ehtimol to‘rt millionga yaqin bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Muzey ma’muriyati hodisadan so‘ng muassasa bir necha kunga yopilishini ma’lum qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘rilik vaqtida signalizatsiya ishga tushgan. Biroq xavfsizlik xizmati tekshiruvni yakunlaganida voqea joyiga birinchi bo‘lib farrosh yetib kelgan va u politsiyani chaqirgan.
Hozirda huquq-tartibot idoralari kuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rganmoqda, jinoyatchilarni aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Gemer shahrida rus shoiri Aleksandr Pushkinning bronza haykali o‘g‘irlab ketilgandi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust