Germaniyada Pushkinning bronza haykali o‘g‘irlab ketildi
Olam
−
02 iyul 1074 2 daqiqa
Germaniyaning Gemer shahrida rus shoiri Aleksandr Pushkinning haykali o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining Germaniyadagi elchixonasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bronzadan yasalgan, qariyb 1,8 metr balandlikdagi haykal 1994 yilda Gemer shahriga Rossiyaning Shyolkovo shahri tomonidan sovg‘a qilingan bo‘lib, u ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida o‘rnatilgan.
Elchixona ushbu holatdan xavotirda ekanini bildirgan.
“Umid qilamizki, jinoyatchilar tezda qo‘lga olinadi va Aleksandr Pushkin haykali o‘z joyiga qaytariladi”, deyiladi elchixona bayonotida.
Gemer shahri politsiyasi hodisa yuzasidan izoh berib, o‘g‘rilik o‘tgan dam olish kunlari sodir bo‘lganini ma’lum qilgan. Noma’lum shaxslar haykalni taxminan 26 iyun kuni soat 10:00 dan 27 iyun kuni soat 10:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘g‘irlab ketgan. Ungacha bronza haykal o‘z joyida bo‘lgan.
“Shanba kuni ertalab soat taxminan 10:00 larda e’tiborli bir guvoh balandligi taxminan bir metr bo‘lgan tosh poydevordan faqat po‘lat mahkamlagichlar chiqib turganini payqab qolgan”, deyiladi politsiya xabarida.
Shuningdek, Rossiya diplomatik vakolatxonalari Germaniya huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda ish olib borayotgani qayd etilgan. Hozircha o‘g‘rilik bo‘yicha rasmiy tergov jarayonlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning Guaiba shahrida kuchli to‘fon tufayli Ozodlik haykalining 35 metrlik nusxasi yiqilib tushgandi.
Mumtozbegim Abdumo‘minova
Live
Barchasi