Mutlaq rekord: Xitoy Rossiyadan 100 tonna oltin olib chiqdi

Olam

image

2026 yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan Gonkongga 100 tonna oltin quymalari olib borildi. Natijada o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yetkazib berish hajmi uch baravarga oshdi va mavjud statistika tarixidagi mutlaq rekordga yetdi. Bu haqda mahalliy bojxona ma’lumotlariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, neft, yog‘och va ko‘mirdan so‘ng Xitoy Rossiyadan oltin olib chiqish uchun asosiy yo‘nalishga aylangan. Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Rossiya oltini xalqaro sanksiyalarga uchragan va dunyoning asosiy oltin bozorlarida taqiqlangan.

Joriy yilning avgust oyi boshiga kelib, Osiyodagi eng yirik oltin savdosi hablaridan biri bo‘lmish Gonkongga o‘tgan yilning butun davridagidan (85 tonna) ko‘proq Rossiya oltini borib tushgan. Birgina iyul oyida Gonkong bozoriga Rossiyadan 23,1 tonna oltin olib kirilgan. Bu o‘tgan yilning butun birinchi yarmidagi ko‘rsatkich bilan deyarli teng.

Gonkongga borib tushayotgan oltinning katta qismi yakunda Xitoyga olib chiqiladi. Bunda ko‘plab xitoylik oltin xaridorlari uni aynan Gonkongda saqlashni ma’qul ko‘radi, chunki u yerda, XXRning qolgan hududidan farqli o‘laroq, qimmatbaho metall importiga cheklovlar yo‘q.

“London birjasi (dunyodagi eng yirik bozor) Rossiya oltini uchun o‘z eshiklarini yopganidan so‘ng, mamlakat yetkazib beruvchilari eksportni sharqqa yo‘naltirmoqda”, deydi LSEG tahlilchisi Debajit Saxa. 

“Financial Times”ning yozishicha, Rossiyadan oltin oqimi urushning birinchi yilidayoq Xitoyga yopirilib borgan va o‘shandan beri Gonkong orqali 35 milliard dollarlik qimmatbaho metall olib chiqilgan.

Bu yil oltin qazib oluvchilardan tashqari, Markaziy bank ham Rossiyada qimmatbaho metallning yirik sotuvchisiga aylangan. Urush xarajatlari tufayli rekord darajaga yetgan byudjet defitsitini moliyalashtirish uchun u yetti oy davomida o‘z zaxiralaridan taxminan 50 tonna quyma yoki 1,6 million troy unsiyasini sotgan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, sotuv hajmi Rossiya uchun 1998 yilgi defoltdan beri (o‘shanda oltin zaxirasi 3,8 million unsiyaga kamaygan) kuzatilmagan va ikkinchi chorakda Rossiya MBni jahon markaziy banklari orasida dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisiga aylantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Niderlandiya Markaziy banki Nyu-York va Ottavadan Londonga 86 tonna oltinni olib chiqqani haqida xabar berilgan edi. Ushbu qadamdan so‘ng AQSH Niderlandiya oltin zaxiralarining eng yirik saqlovchisi maqomini yo‘qotgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing