Niderlandiya Nyu-York va Ottavadan 86 tonna oltin olib chiqdi
Olam
−
15:52 920 2 daqiqa
Niderlandiya Markaziy banki (DNB) Nyu-York va Ottavadan Londonga 86 tonna oltinni olib chiqdi. Ushbu qadamdan so‘ng AQSH Niderlandiya oltin zaxiralarining eng yirik saqlovchisi maqomini yo‘qotdi. Bu haqda DNB press-relizida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, 2026 yilning martidan avgustiga qadar Niderlandiya Markaziy banki AQSH va Kanadadan Britaniyaga 86 tonna oltinni olib chiqqan. Gap Nyu-York va Ottavada saqlanayotgan zaxiralarning (313 tonna) chorak qismidan ko‘prog‘i haqida bormoqda. Regulyator “ortib borayotgan geosiyosiy keskinlikni hisobga olgan holda” shunday qadamga jazm etgan. DNB oltinni Londonga o‘tkazish “jiddiy inqirozlar”ga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish imkonini berishini qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Niderlandiyaning oltin zaxiralari 612,4 tonnani tashkil etadi. 2025 yil oxiriga kelib ularning qiymati 72,2 milliard yevroga baholangan. Zaxiralarning bir qismi Londonga olib chiqilishiga qadar AQSH Niderlandiya oltinining eng yirik saqlovchisi edi: Nyu-York ulushiga 31,3 foiz to‘g‘ri kelardi. Endilikda AQSHda Niderlandiya zaxiralarining 18,5 foiz qismi qoldi. Kanadaning ulushi kamroq darajada qisqardi: 19,7 foizdan 18,5 foizgacha. Shu tariqa, mamlakat oltinining asosiy saqlovchisi maqomi Buyuk Britaniyaga o‘tdi – uning ulushi 18,1 foizdan 32,1 foizgacha ortdi. Qolgan zaxiralar (30,8 foiz) Niderlandiyaning Utrext yaqinidagi Zeyst shahrida joylashgan. DNB oltin zaxiralarining georafik taqsimlanishi endilikda yanada muvozanatli holatga kelgan, deb hisoblaydi.
Fransiyada oltin savdosiga ko‘maklashuvchi Parijning National Gold Counter kompaniyasi prezidenti Loran Shvarsning aytishicha, AQSHdagi hozirgi siyosiy vaziyat boshqa markaziy banklarni ham o‘z oltin zaxiralarini saqlash uchun AQSH o‘rniga boshqa yurisdiksiyalarni tanlashga undashi mumkin. U London bozorining likvidligi yuqoriroq bo‘lgani sababli inqiroz davrida undan foydalanish haqiqatan ham osonroq ekanini tushuntirgan.
“Markaziy banklar aynan o‘sha yerda o‘z oltinlarini boshqa bank muassasalariga osonroq qarzga berishlari mumkin”, deydi u.
Cite Gestion xususiy banki tahlilchisi Jon Plassarning fikricha, Niderlandiya tomonidan oltinning olib chiqilishi “bir martalik aksiya”, ammo agar ularning ortidan boshqalar ham ergashsa, bu AQSHga bo‘lgan ishonchga putur yetkazishi mumkin.
Live
Barchasi