Mutlaq hokimiyat havasi: Lukashenkoning boshiga ham Nazarboyevning kuni tushmaydimi?

Olam

Kecha, 27 fevral kuni Belarus Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi tarqatgan ma’lumotlarga ishonilsa, saylovchilarning asosiy qismi yangi Konstitutsiyani yoqlab ovoz bergan. 

Yangi hujjatda 83 ta modda o‘zgartirilgan va to‘ldirilgan. Unda “Xalq hokimiyatining oliy vakillik organi" sifatida Butun Belarus Xalq Assambleyasi (BBXA)ga bag‘ishlangan 11 ta yangi modda va bitta yangi bob, uning maqomi va vakolatlari paydo bo‘ldi.

Bu Aleksandr Lukashenko tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan to‘rtinchi referendumdir. Oldingi barcha – 1995, 1996 va 2004 yillardagi referendumlar prezident vakolatlarining kengayishi va mustahkamlanishiga olib keldi, ovoz berish va natijalar Belarus jamoatchiligi va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan tan olinmagan. 

2020 yilda o‘tgan Prezident saylovida Lukashenko 80% dan ko‘proq ovoz bilan g‘alaba qozongani aytiladi. Biroq, ko‘plab mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar Lukashenkoning g‘alabasini tan olgani yo‘q. Saylov kuniyoq mamlakatda norozilik namoyishlari boshlanib, u bir necha oy davom etdi. Shu fonda Lukashenko konstitutsiyaviy islohot zarurligini e’lon qildi – shu yo‘l bilan, kuzatuvchilarga ko‘ra, rasmiylar norozilik kayfiyatini susaytirmoqchi bo‘lgan. Referendum ham namoyishlarsiz o‘tmadi. Shu kuni noqonuniy namoyishlar uyushtirish aybi bilan 800 kishi hibsga olindi. 

Konstitutsiyaviy islohotning maqsadi – cheksiz hokimiyat

Tahlilchilar konstitutsiyaviy islohotning maqsadini mamlakatda hokimiyatning ehtimoliy tranziti tartibini rasmiylashtirish, buning uchun qonunchilik bazasini yaratish deb atamoqda.  O‘zgartirishlarning eng muhimi, 1996 yildan beri mavjud bo‘lganu, ammo bu vaqt davomida faoliyati uchun me’yoriy asosga ega bo‘lmagan Butun Belarus Xalq Assambleyasi (BBXA) maqomini konstitutsiya loyihasida belgilash hisoblanadi. 

Qabul qilinayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Butun Belarus Xalq Assambleyasi mamlakatning oliy vakillik organi bo‘lib, boshqa hokimiyat organlarining qarorlarini bekor qilish,prezidentga impichment e’lon qilish, Markaziy saylov komissiyasi a’zolarini, shuningdek, Oliy va Konstitutsiyaviy sudlar sudyalarini tayinlash, parlamentga qonunlar kiritish, referendumlar chaqirish, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish, favqulodda va harbiy holat joriy etish, saylovning qonuniyligi masalasini ko‘rib chiqish vakolatiga ega.

Gulla-yashna, Lukashenko! 

Bundan tashqari, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar prezidentga qonun kuchiga ega bo‘lgan farmonlar chiqarishni taqiqlaydi, parlament vakolatlarini to‘rt yildan besh yilgacha uzaytiradi, Bosh vazirning vakolatlarini biroz kengaytirib, Inson huquqlari bo‘yicha vakil institutini tashkil etishni nazarda tutadi. 

Loyihadan kelib chiqadiki, ayni shaxs Belarusda ikki muddatdan ko‘p bo‘lmagan prezidentlik lavozimini egallashi mumkin, biroq bu qoida yangi saylangan davlat rahbari lavozimiga kirishganidan keyin kuchga kiradi. Boshqacha aytganda, Aleksandr Lukashenko joriy davrdan keyin (2025 yilda tugaydi) yana 10 yil hukmronlik qilish imkoniyatiga ega. 

Belarus Respublikasining sobiq prezidentlari uchun konstitutsiya loyihasi maxsus xavfsizlik kafolatlarini nazarda tutadi – ular o‘z vazifalarini bajarish paytida sodir etgan xatti-harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas, ularga Butun Belarus Xalq Assambleyasi va parlamentning yuqori palatasiga umrbod a’zolik qilish kafolatlanadi.

Shu bilan birga, Aleksandr Lukashenkodan tashqari hech kim bir vaqtning o‘zida bir nechta lavozimni egallay olmaydi. Lukashenko Butun Belarus Xalq Assambleyasi taklifiga ko‘ra, ham prezident, ham Butun Belarus Xalq Assambleyasi raisi bo‘lib qolish huquqiga ega. Ammo prezidentlikka nomzodlar ro‘yxatga olinishi uchun so‘nggi 20 yil davomida Belarusda yashagan va xorijda yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lmagan bo‘lishi kerak – bunday talab repressiya tahdidi tufayli mamlakatni tark etgan ko‘plab muxolifatchilarni o‘z nomzodini qo‘yish imkoniyatidan mahrum qiladi.   

Yangi konstitutsiya loyihasida Belarus betaraflikka intilayotgani va o‘z hududini yadro qurolidan xoli hududga aylantirish maqsadini ko‘zlanganligi haqidagi hozirgi ko‘rsatkich mavjud emas. Hokimiyat vakillari ham, ularning raqiblari ham bu norma amalda ishlamaganini tasdiqlaydi.

Referendum shartlari

Belarusda hozir referendum o‘tkazish jinoyat ekanligi aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, mamlakatda mingdan ortiq siyosiy mahbus bor, yuzlab fuqarolar Jinoyat kodeksining norozilik namoyishlari bog‘liq moddalari bilan sudlangan, barcha mustaqil ommaviy axborot vositalari tugatilgan, bir necha yuzlab internet-resurslar ekstremistik deb tan olingan.

Bundan tashqari, muxolifat fuqarolarning ovoz berish jarayoni va ovozlarni sanab chiqish jarayoniga ishonchi yo‘qligini ta’kidlaydi – uchastka komissiyalarida muxolifat partiyalarining birorta ham a’zosi yo‘q, komissiyalar tarkibidagi shaxslarning ism-shariflari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasniflanadi. 

Ovoz berish jarayonini kuzatishga kelsak, Demokratik kuchlar 2020 yilgi prezidentlik saylovoldi kampaniyasini kuzatishda ishtirok etgan faollar ta’qib va qo‘rquvga uchraganini bahona qilib, o‘z tashkilotini butunlay tark etdi. MSK esa Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillarini taklif qilmasdan, MDH va SHHTdan kuzatuvchilarni taklif qilish bilan cheklangan 

Muxolifat va G‘arbning referendumga munosabati

Bunday vaziyatda demokratik kuchlar koalitsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan harakat strategiyasi referendumni buzish va uni hokimiyatga ishonchsizlik votumiga aylantirishga qaratilgan edi. Svetlana Tixanovskayaning ofisi, Inqirozga qarshi xalq departamenti, Muxolifatning muvofiqlashtiruvchi kengashi, shuningdek, “Golos”, “Zubr” va “Halol odamlar” platformalari bu borada kelishib oldilar. 

Ular belarusliklarni saylov uchastkalariga kelishga va o‘z xohish-irodasini ifodalash uchun ikkala variantni ham chizib, byulletenni bekor qilishga chaqirdi. 

Muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya referendumni noqonuniy deb atadi va u Belarusdagi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar inqirozni yengib chiqa olmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “ha” yoki “yo‘q” o‘rtasidagi tanlov emas, balki “faqat Lukashenko va Lukashenko o‘rtasida tanlov qilish taklifi”.

Bryussel ham referendumni birdek tanqid qilmoqda. 1 fevraldagi qo‘shma bayonotida Yevroparlamentning Belarus bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi rahbari Robert Bedron va Belarus bo‘yicha doimiy ma’ruzachi Pyatras Aushtryavichyus referendumni “fantastik” deb atadi. Hukmron Sotsial-demokratik partiyadan Bundestag deputati Nils Shmid Tixanovskaya bilan uchrashuvda Germaniya parlamenti referendum natijalarini tan olmoqchi emasligiga ishontirdi, chunki u siyosiy muxolifat qatag‘on qilingan bir paytda nodemokratik sharoitda tashkil etilgan. 

Belarus qonunchiligiga ko‘ra, referendum natijalari bo‘yicha qabul qilinadigan qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun o‘tgach, kuchga kiradi va majburiydir. 

Nazarboyevning kuni Lukashenkoning boshiga tushmaydimi?

Ma’lumki, 2019 yil mart oyida Qozog‘istonni 28 yil boshqargan Prezident Nursulton Nazarboyev kutilmaganda Prezident lavozimini tark etdi va Xavfsizlik kengashi raisi bo‘ldi va bir vaqtning o‘zida Qozog‘iston Xalq Assambleyasini boshqardi. Uning vorisi To‘qayev esa Birinchi Prezidentga Elboshi rutbasini berdi. Nazarboyev lavozimdan ketishdan avval ishni pishiq qilib, Prezidentning asosiy vakolatlarini Xavfsizlik kengashi raisi va Qozog‘iston Xalq Assambleyasi raisiga o‘tkazgan edi. Nazarboyevning odamlar ko‘zini shamg‘alat qilib, parda ortidan turib, mamlakatni boshqarishi uzoqqa cho‘zilmadi. Ikki o‘rtada nafaqat uning kelajakdagi siyosiy karerasiga dars ketdi, balki Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti sifatida qoldirgan iziga ham dog‘ tushdi. 

2022 yilning yanvar oyida sodir bo‘lgan voqealarda Nazarboyevning sobiq saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi, o‘zi esa Xavfsizlik kengashi va Xalq Assambleyasi raisi lavozimlarini tark etdi. Farzandlari ham siyosiy faoliyatini yakunladi. Bugun kun sayin hokimiyatdagi barqarorlik va abadiylikka nafsi hakalak otayotgan va Konstitutsiya orqali o‘zini muhofaza qilishga urinayotgan Lukashenkoning boshiga ham shu kunlar kelmasmikin?! 


Maqola muallifi

Teglar

Aleksandr Lukashenko

Baholaganlar

105

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made