Kiyev Kurskda “palak yozmoqda”
Tahlil
−
21 avgust
22778Dastlab 1000, keyinchalik 1150, ayni damda esa 1250 kv km. Ukrainaning Rossiyaga tegishli Kursk viloyatidagi ekspansiyasi jadal tarzda ilgarilamoqda. Raqamlar va kengliklar hajmi juda tez o‘zgaryapti. Bir necha sutkalarda Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan egallangan Rossiyaning 82 ta aholi punkti ko‘z ochib yumguncha 92 taga oshmoqda. Rossiya Federatsiyasining Xalqaro Huquq bo‘yicha tan olingan hududiy chegaralarining ichida Ukraina armiyasi tomonidan harbiy komendatura qurilishi esa shunchaki hammani lol qoldirdi. Dunyoning ikkinchi kuchli armiyasi va eng yirik yadro arsenali bor deya ta’riflanadigan mamlakat hududida urushdan oldin o‘rtamiyona darajadagi armiyaga ega bo‘lgan Ukraina qo‘shinlari hozircha shunday ishlarni amalga oshirmoqda. Quyida shu va boshqa voqeliklar, xususan, Kurskda ishtahasi ochilgan Sirskiy, hududiy yaxlitligi buzilishiga ko‘z yumayotgan Kreml, holatga aralashayotgan Lukashenkoning harakatlari va dunyoga nimalarnidir isbotlamoqchi bo‘layotgan rasmiy Kiyev atrofidagi so‘nggi jarayonlar haqida so‘z yuritiladi.
Unutilgan Donbass va Kurskda ishtahasi yopilmayotgan Sirskiy
Kurskda yangi front ochilganidan buyon frontdagi ikki tomon ham ikki xil mintaqada harbiy muvaffaqiyatga erishayotganini da’vo qilib kelmoqda. Bu orada esa Ukraina Donbassni ma’lum muddat yoddan chiqargandek taassurot qoldirmoqda. Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning g‘arbiy qismidagi Kursk hududiga bostirib kirishi tobora kuchayib borayotgan bo‘lsa-da, ortda qolgan vaqt ichida rossiyaliklar Ukrainaning sharqida oldinga siljishi kuchaygani kuzatildi. Ular Pokrovskning asosiy transport tutashuviga o‘tib, Donbassda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishga yaqin turgani taxmin qilinmoqda. Bu esa agar rasmiy Kiyev Kurskka hujum qilish orqali Donbassdagi mudofaa bosimini kamaytirishni reja qilgan bo‘lsa, ular bu borada o‘z maqsadiga erishmaganini anglatadi. Ammo Ukraina rasmiylari Kursk frontidan umuman boshqa maqsadlar, xususan, hududlar va strategik nuqtalarni qo‘lga olish va ularni barter qilish orqali tinchlik muzokaralariga o‘tirishni maqsad qilganini iddao qilib kelyapti. Biroq nima bo‘lishidan qat’i nazar Donbassdagi so‘nggi jarayonlar Ukraina uchun yaxshi signal emas. Shunday bo‘lishiga qaramay, bugun Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy uchun Kursk fronti prioritetligicha qolmoqda. Kursk hududida Ukraina kuchlari Sudjadan so‘ng Korenovoni egallashga harakat qilmoqda. Bu shaharning qulashi ularga Rossiya hududida chuqur ildiz otishga hamda Xarkov va boshqa shimoliy shaharlarni himoya qilish uchun “bufer zona” qurishga imkon beradi. Prezident Vladimir Zelenskiy bosqinning asosiy maqsadi deb ta’kidlagan bunday bufer zona ukrainaliklar uchun katta operatsion muvaffaqiyat bo‘ladi. Ikki tomonning turli maqsadlari turli muvaffaqiyatlarga olib keladi: Kiyev rasmiylari o‘zlari nazorat qilayotgan Rossiya hududining kvadrat kilometrlarini borgan sari oshirib boradi, Rossiya kuchlari esa Donbassda odimlashda davom etadi. Biroq kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, ikkala hujum ham har xil tezlikda sodir bo‘lmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, Ukrainaning Kursk viloyatidagi olg‘a siljishi hozirda Rossiyaning Donbassdagiga qaraganda tezroq va Ukraina u yerdan chekinishga majbur bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, Kurskda o‘z ortidan qoldirib ketgan chuqur “jarohat izlari”, Rossiya va uning reputatsiyasi uchun uzoq muddatli “bosh og‘riq”ga aylanadi.
Parvoyifalak Kreml
Ukraina armiyasining 2 yarim yillik frontdagi qayta tirilishi va salkam asrdan buyon bironta davlat qo‘shini bostirib kira olmagan Rossiya yerlariga qadam qo‘yishga jur’at qilishi va buni a’lo darajada bajara olayotgani dunyodagi barcha kuzatuvchilarni ortda qolgan ikki haftadan buyon hali ham hayrat ichida qoldirmoqda. Ammo bundan-da qizig‘i shuki, Kreml bu sensatsion voqelikka juda ham bosiq va sukunatli tarzda yondashayotgandek tuyulmoqda. 6 avgust kuni boshlangan okkupatsion harakatlarga nisbatan Moskva Ukraina bilan tutash 3 ta ma’muriy hududda aksilterror rejimi joriy qilish, Afrika qit’asidan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining qolgan-qutganlarini Kurskka tashlash va hududga yarim yo‘lda yo‘q qilingan “Pyatnashka” brigadasi hamda jangga kirishi bilan darhol asirga tushgan “Axmat” bo‘linmasini yuborishdan boshqa aytarli ish qilganicha yo‘q. Mamlakat Prezidenti Putinning harakatlari esa voqealar rivojini tahlil qilish va bu borada xulosa berishni yanada qiyinlashtirdi. “Qudratli” va “buyuk” Rossiya yerlarining ma’lum qismida Ukraina bayrog‘i qad rostlagan bir paytda Putin va uning jamoasi mavzuga umuman aloqador bo‘lmagan diplomatik uchrashuvlar va mamlakat ichidagi ichki tashriflarni kanda qilmayapti. Dastlab Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashuv o‘tkazgan Putin biroz o‘tib Aliyev huzuriga yo‘l oldi. Keyinchalik, Rossiya rahbari kecha 20 avgust oqshomida Checheniston poytaxti Grozniyda ko‘rinish berdi. Ushbu tashriflarning parda ortidagi suhbatlarini aniqlashtirish imkonsiz, ammo Putinning bu harakatlari ko‘proq “Kurskda hech narsa bo‘lmayapti, hammasi joyida va xotirjam bo‘lavering” degan ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinayotgandek shubha uyg‘otyapti. Aslida Ukraina askarlari rus yerlariga qadam bosgan paytda butun dunyo Putin va Rossiyadan juda jiddiy qadamlar kutgandi. Oq uy esa bu boradagi o‘z xavotirlarini yashirmagandi. Biroq, Moskva hali hanuz jim. Shunday bo‘lishiga qaramay, Kremlning juda uzoq yillik mulozimlari, xususan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va boshqa rasmiylar otdan allaqachon tushib ulgurgan bo‘lsa-da, egarni mahkam ushlagan. Ular Ukraina kuchlari Rossiya hududida ekan, tinchlik muzokaralari haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlashdi. Bu kabi jumlalar Kurskka bosqinning dastlabki kunlarida Vladimir Putinning ham og‘zidan yangragandi. Xulosa qilib aytganda, Kreml bu jiddiy masalaga qo‘l siltash orqali uning salmog‘ini kamaytirishga qo‘ldan kelgancha harakat qilmoqda. To‘g‘ri, 17 million kv km lik ulkan hududda bor yo‘g‘i 1250 kv km dengizdan tomchidek tuyulishi tabiiy. Ammo, gap mamlakatning hududiy yaxlitligi haqida ketar ekan, ming yoki ikki ming kv km tugul, bir qarich yer ham juda jiddiy ahamiyatga ega bo‘lib, bu zinhor e’tibordan chetda qoldiriladigan masala emas. Shunday ekan, Kurskdagi jarayonlar fonida Putinning xotirjamligi va Rossiyaning zaifligini xaspo‘shlash uchun qilinayotgan barcha harakatlar befoyda.
Masalaga arashayotgan Lukashenko
Oxirgi paytlarda Rossiyadagi har qanday ziddiyatli vaziyatga aralashishni kanda qilmay qo‘ygan Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Kurskdagi voqealar fonida yana tilga kirdi. U Ukraina Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirishidagi janglar davom etar ekan, Kiyev Belarus bilan chegarasida 120 mingdan ortiq askarini joylashtirganini iddao qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning sodiq hamkori Lukashenko o‘tgan hafta so‘ngida Minsk Ukraina qo‘shinlarini joylashtirishga javoban o‘z Qurolli kuchlarining deyarli uchdan bir qismini butun chegara bo‘ylab joylashtirgani haqida ma’lum qildi.
“Ularning tajovuzkor siyosatini ko‘rib, biz butun chegara bo‘ylab askarlarimizni joylashtirdik – urush bo‘lsa, ular mudofaa bo‘ladi”, deydi Lukashenko.
“Al-Jazeera” muxbiri Dorsa Jabboriyning Moskvadan bergan xabariga ko‘ra, ayni damda Lukashenko Kiyevdagi amaldorlarga Rossiya tomonidan buyurtma qilingan juda jiddiy tahdidlarni yetkazmoqda.
“Lukashenko, agar Ukraina Belarusga kirishga urinsa, ular hujumga o‘tishlarini aytdi”, deya qo‘shimcha qildi Jabbari.
Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining “Thye Military Balance 2022” ko‘rsatkichlariga ko‘ra, Belarus professional armiyasida 48 mingga yaqin askar va 12 mingga yaqin davlat chegarasi xodimlari bor. Shunday ekan, bugun Belarus va Ukraina qo‘shinlari soni va sifati haqida bahs-munozaraga umuman o‘rin yo‘q. Umumiy hisobdagi 60 ming kishilik harbiylashtirilgan tarkibning uchdan biri 20 ming nafarni tashkil etadi. Bunday kichik raqam 2 yarim yildan buyon dunyoning “eng kuchli ikkinchi armiyasi” bo‘lgan Rossiya Qurolli kuchlariga bo‘yin egmay kelayotgan Ukrainaning urushda toblangan armiyasi uchun bir yutumlik luqma bo‘lish ehtimoli yuqori.
Ukraina chegarasida bir siqim Belarus askarlarining to‘plagani va ular urushga tayyorligi Lukashenko tomonidan ma’lum qilinishidan bir necha kun o‘tib, u o‘zining to‘xtalaverib charchamaydigan yana bir masalasi – MDHning Rossiya soyasiga qaytishi haqidagi chaqiriqlarini yana qaytadan boshladi. Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, sobiq ittifoq mamlakatlari bugun Rossiyaga nisbatan ikkiyuzlamachilik qilmoqda va undan faqat o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanyapti. Xavfsizlik va favqulodda vaziyatlar paytida MDH davlatlari Putindan albatta yordam so‘rashga majbur bo‘lishini ta’kidlagan Aleksandr Lukashenko o‘tgan davrdagi Qozog‘istonda bo‘lgan tartibsizliklarni bunga misol qilib ko‘rsatgan.
Kiyev nimani isbotlamoqchi?
Ekspertlar fikriga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya mudofaasini buzib o‘tishi va Kurskdagi hududlarni birin-ketin egallab, bu hududda juda mustahkam joylashib olish orqali tashqi dunyo va o‘z fuqarolari uchun bir qator argumentlar taqdim qilishga erishdi. Xususan, chegaradagi muvaffaqiyatli reyd Ukraina fuqarolari uning armiyasi uchun juda katta ruhiy ozuqa bo‘lgani aytilmoqda va Kurskdagi mazkur g‘alabalar seriyasi uzoq yillik umidsizlikdan so‘ng ukrainlarda urushda zafar quchish masalasidagi ishonchni qaytarishi va mustahkamlashi mumkin. Bugun Kiyevdagi rasmiylar va xalqaro kuzatuvchilar ham mudofaa, ham hujum frontidagi Sirskiy boshchiligidagi Ukraina armiyasi askarlarining kayfiyatida keskin o‘zgarish sodir bo‘lgani haqida gapirishmoqda. Ammo bu yaxshi kayfiyat va kuchli motivlar qachongacha saqlanib qolishi haqida hozircha hech kim aniq kafolatlarni taqdim qila olmaydi. Zero, Ukrainadagi bu yaxshi atmosferaning umri Kurskdagi vaziyatga ipsiz bog‘langan.
Shunday bo‘lishiga qaramay, rasmiy Kiyev ortda qolgan ikki hafta ichida butun dunyo ko‘z o‘ngida hali “tirik” ekanligi va g‘alabaga imkoniyatlari bisyorligini isbotlagandek go‘yo. Uning bu tarzda uyg‘onishi hatto NATOni ham lol qoldirgani hech kimga sir emas. G‘arb ommaviy axborot vositalari ortda qolgan haftalarda Kurskdagi harbiy operatsiya Yevropa Ittifoqi, AQSH va NATOning Ukrainaga bo‘lgan ishonchini ma’lum darajada qaytargani haqidagi xabarlar yomg‘irini tindirmadi. Hujumning dastlabki kunlarida Rossiyaning jiddiy va halokatli javobi haqidagi qo‘rquv va taxminlar vaqt o‘tishi bilan o‘zini oqlamadi va bu vaziyatni Ukraina foydasiga hal bo‘lishini yanada mustahkamladi. Rossiya kuchlarining passiv javoblaridan so‘ng, joriy yil bahor faslining oxiri va yozning dastlabki kunlarida G‘arb davlatlari tomonidan o‘z qurollarining Ukraina hududida qo‘llanilishiga ruxsat bergan davlatlar yana jonlandi va ayni damda ularning safi ham kengayishi mumkin. Bundan tashqari, Sirskiy va Zelenskiy tandemi 20 yildan buyon davom etib kelayotgan Rossiya va Putinning yadro shantajlari shunchaki quruq safsata ekanligini ham isbotlashga erishdi. Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya yadro doktrinasiga ko‘ra, mamlakat ixtiyoridagi ushbu ommaviy qirg‘in qurolining faollashishi uchun asos bo‘ladigan bir necha sabablarni taqdim qilishga ulgurdi. Jumladan, Kurskka hujum qilish orqali Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzdi. Bunga qo‘shimcha tarzda Lipetskdagi aviabazani deyarli yo‘q qildi va bir necha kunda amalga oshirilgan ushbu harakatlar orqali yadro doktrinasini juda qattiq silkitildi. Biroq, hamma kutgan va hayiqqan voqea ro‘y bermadi va katta ehtimol bilan ro‘y bermaydi ham. Ayrim siyosatshunoslarning fikricha, yadro qurolining ishga tushirilishi ko‘p ehtimol Putinning Kremldagi so‘nggi qarori bo‘lishi mumkin.
Ukrainaning esa Kurskdagi g‘alabali seriyalari hozircha davom etyapti…….
LiveBarchasi