Musulmonlar karantin vaqtida keksa odamlarga yordam berishga chaqirildi
Olam
−
18 mart 2020
5319Rossiya Federatsiyasining Musulmonlar diniy boshqarmasi musulmonlarni nogiron, keksa odamlarga zarurat tug‘ilganda ehtiyoji uchun muhim narsalar va dori-darmonlarni sotib olishida yordam berishga chaqirdi. Shu bilan birga, ularga bo‘sh vaqtlarini ibodat qilish uchun sarflab, uy tashqarisida o‘tkaziladigan vaqtni kamaytirishni tavsiya qildi.
"Koronavirus pandemiyasi – bu musulmonlar izzat-nafsi, intizomi va sabr-bardoshi bilan o‘tkazishi kerak bo‘lgan sinovdir. Bugungi kunda uyimiz tashqarisida o‘tkaziladigan vaqtni kamaytirish, turmush tarzimizni yaxshiroq qilish, oila davrasida ko‘proq bo‘lish va uyda ibodat qilishga vaqt ajratish juda muhimdir. Chin mo‘min har qanday vaziyatda yaxshilik uchun vaqt sarflaydi", deydi Musulmonlar diniy boshqarmasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Damir Muhiddinov.
U dindoshlarini hukumat e’lon qilgan barcha tavsiyalar va cheklovlarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Shuningdek, ushbu og‘ir kunlarda musulmonlar, atrofdagi odamlar uchun hurmat va ehtirom namunasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
"Biz o‘zimizga, oilamizga hamda parvarish va g‘amxo‘rlikka muhtoj odamlarga e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Ehtimol sizning atrofingizda yoki mahallangizda karantin, dori-darmonlar yoki dezinfeksiyalash vositalarini sotib olishda yordamga muhtoj yolg‘iz yashaydigan keksa odam yoki nogironlar bordir. Ularga befarq bo‘lmang. Ammo boshqalarga yordam berayotganda, tibbiy xavfsizlik choralariga e’tibor bering", deyiladi Muhiddinov bayonotida.
Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya bilan bog‘liq xavf guruhiga, birinchi navbatda, hurmatli yoshdagi odamlar – ota-onalarimiz, shuningdek, surunkali kasalliklarga chalingan yoki immuniteti zaif bo‘lgan odamlar kiradi. Ular uchun, boshqa kasalliklar kabi koronavirus ham o‘lim bilan tugashi mumkin bo‘lgan tahdid hisoblanadi.
"Muammolardan himoyada bo‘lish uchun siz va men barcha ijtimoiy aloqalarimizni minimallashtirishimiz kerak. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar qanchalik kam bo‘lsa, virusning salomatligimizga zarar berish ehtimoli shunchalik kam bo‘ladi", deb ogohlantirgan boshqarma o‘rinbosari.
Ushbu qiyinchiliklar fonida, u Rossiya Davlat Dumasi 10 aprelga qadar Moskva masjidlarida jamoat namozlarini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilganini tushuntirdi.
"Siz va men, Allohning uylari o‘limga sabab bo‘luvchi joylarga aylanishiga yo‘l qo‘yolmaymiz. Chunki dunyoda bunday voqealar allaqachon bo‘lgan o‘tgan. Odam va uning hayoti masjidlardan muhimroqdir", deydi Muhiddinov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimov joriy yilning 16 mart kuni O‘zbekiston xalqiga murojaat bilan chiqdi. Muftiy murojaati davomida mamlakat musulmonlariga sakkizta tavsiya berib o‘tdi. Shuningdek, murojaatda mamlakatdagi barcha masjidlar vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatishi ta’kidlab o‘tildi.
LiveBarchasi