5 vaqt namozni uyda o‘qish va juma namozi bo‘yicha fatvo berildi
Jamiyat
−
16 mart 2020
19749Kecha, 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilganidan keyin, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatdagi barcha diniy tashkilotlarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash to‘g‘risida tavsiya kiritilgani aytildi.
Bugun, 16 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan og‘rigan bemorlar 6 nafarga yetdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimov o‘zbekistonlik musulmonlarga murojaat bilan chiqdi.
Alimovga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan. Yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning fatvo hamda xulosalari o‘rganilgan fatvo qabul qilingan.
“Dinimizda insonning joni, e’tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim asoslardan biridir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariat o‘z ko‘rsatmalarini insoniyatga yengillatadi. Ma’lumki, bugungi kunda JSST koronavirus COVID-19ni pandemiya deb e’lon qildi. Ushbu kasallik asosan havo tomchi va qo‘l berib so‘rashish kabi holatlarda yuqadi.Shunda ekan, jamoa bo‘lib to‘planish holatlari ushbu xatarli virusning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda”, deydi Alimov.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus COVID-19 infeksiyasining oldini olish bo‘yicha qabul qilgan fatvosiga ko‘ra:
1. Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini o‘qisinlar. Shuningdek, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etsinlar.
2. Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda o‘qilsin.
3. Masjidlarda namoz vaqtini bildirish uchun azon o‘z vaqtida aytilsin.
4. Mo‘min-musulmonlar imkon qadar kasallikni tarqalishining oldini olishga o‘z hissalarini qo‘shsinlar.
5. Har bir musulmon ibodatlar va duolarda Alloh taolodan ushbu kasallikni daf qilishini so‘rab, ixlos bilan iltijo qilishlari lozim.
6. Dinimiz poklikka buyurar ekan, kasallikning oldini olish borasidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilish har bir musulmonning vazifasidir.
7. Karantin davrida masjidlar va tahoratxonalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalari asosida davriy dezinfeksiya ishlari o‘tkazilsin.
8. Bunday vaziyatlarda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarni narxini oshirish, sun’iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar’an haromdir.
Ushbu fatvo virus aniqlangan musulmon mamlakatlar hamda boshqa o‘lkalardagi yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning ushbu masaladagi fatvo hamda xulosalarini hisobga olgan holda qabul qilingan.
LiveBarchasi