Musayev uxlamay, uxlatmay ishlayapti. Vazir yarim tunda yig‘ilish o‘tkazgani rasman xabar qilindi
Jamiyat
−
15 noyabr 2021
18097Joriy yilning 11 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan Behzod Musayev sohadagi muammolar ko‘pligidan o‘zi ham uxlamay, boshqalarni ham uxlatmay ishlayapti. Buni vazirlik Matbuot xizmati e’lon qilgan rasmiy xabardan bilish mumkin.
Rasmiy xabarda aytilishicha, O‘zbekistonda yosh bolalar orasida o‘tkir respirator kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatilyapti va ushbu xastaliklarning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar sezilarli ortgan. Shu sababli Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligida ishchi guruh tuzilib, joriy yilning 13 noyabr kuni tunda poytaxt shifoxonalaridagi vaziyat o‘rganilgan.
Shundan so‘ng kecha, 14 noyabr tonggi soat 04:30 da Toshkent shahrida bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vaziri boshchiligida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazilgan.
Natijada o‘sha kunning o‘zida o‘rganish xulosalari tahlil qilinib, poytaxtdagi shifo maskanlarida 600 dan ziyod qo‘shimcha o‘rin-joylar tashkil etilgan hamda ona va bolalarga davolanishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 noyabr kuni Abduhakim Xojiboyev SSV rahbari lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga asli mutaxassisligi iqtisodchi bo‘lgan va muqaddam Davlat soliq qo‘mitasiga bosh bo‘lgan Behzod Musayev tayinlandi.
Abduhakim Xojiboyev esa oradan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi.
LiveBarchasi