Murodov UFC 286 turnirida jang qilmoqchi
Sport
−
05 yanvar 2023
3102O‘zbekistonlik birinchi UFC jangchisi Mahmud Murodov mart oyida o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
"18 mart kuni Londondagi The O2 arenada UFC 286 turniri bo‘lib o‘tadi. Men bu turnirda oktagonga chiqishga tayyorligimni aytib, UFC'ga murojaat qildim. Hozircha bunga javob berishmadi. Agar ijobiy javob kelsa, tayyorgarlikni Chexiyada boshlayman. Pragadan Londonga borish ham oson bo‘ladi. Qolaversa, chexiyalik muxlislarim ham Londonda ko‘pchilikni tashkil etadi", deydi Murodov.
Murodov UFCʼdagi so‘nggi jangini braziliyalik Kayo Borraloga qarshi o‘tkazib, ochkolar hisobiga ko‘ra imkoniyatni boy bergandi.
Ma’lumot uchun, Mahmud Murodov UFC'da umumiy 5 ta jangda oktagonga chiqib, 3 ta g‘alaba qayd etgan va 2 ta bahsda mag‘lubiyatga uchragan.