Munojat Yo‘lchiyeva nomidagi stipendiya ta’sis etildi
Madaniyat-san’at
−
11 yanvar 2023
12677O‘zbekiston xalq artisti maqom yo‘nalishi ijrochisi Munojat Yo‘lchiyeva nomida stipendiya joriy etildi. Bu bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati kotibi Dilbahor Xudoyberdiyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, stipendiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim muassasalarida ilm-fan sohasida muvaffaqiyatga erishgan mashhur o‘zbek ayollari nomi bilan ataluvchi stipendiyani joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan joriy etilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulsanam Mamazoitova hamda suxandon Dildora Rustamova o‘z ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Munojat Yo‘lchiyevani bu yutuq bilan tabriklagan.
Mazkur stipendiya Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining 2-kursni tugatgan bakalavriat hamda 1-kursni tugatgan magistratura talabalariga berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, nomzod tanlov asosida saralanadi.
Talabgorning hujjatlari institut ilmiy bo‘limi tomonidan qabul qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun taqdim etilgan hujjatlar tanlov muddati tugagach, bir hafta muddatda Tanlov komissiyasiga taqdim etiladi va komissiyasining qarori bilan hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun ekspertlar belgilanadi.
Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va stipendiyaga tavsiya etilganlarning ro‘yxati Kengash raisi tomonidan buyruq asosida tasdiqlanib, stipendiyani to‘lab berish uchun taqdim etiladi.
Ma’lumot uchun, Munojot Yo‘lchiyeva 1960 yili Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidagi Shirmonbuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. U mumtoz musiqa san’ati, jumladan, Shashmaqom rivojiga hamda uning dunyo bo‘ylab tarqalishiga beqiyos hissa qo‘shgan betakror ovoz sohibasidir. “Sharq taronalari” festivali g‘olibi. Shuningdek, Yo‘lchiyeva “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” va “O‘zbekiston qahramoni” unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan.
Ozoda Choriyeva