“Munosabatlar rivojiga katta ahamiyat qaratmoqdaman”. Si Szinpin Mirziyoyevga maktub yo‘lladi
Jamiyat
−
02 yanvar 2022
5648Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi.
Xatda Si Szinpin XXR va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘z nomidan Shavkat Mirziyoyevga va O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarini bildirgan.
"Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 30 yilda Xitoy-O‘zbekiston aloqalari izchil rivojlanib, muvaffaqiyatlarga erishdi hamda tinchlik-totuvlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik ruhidagi davlatlararo munosabatlarning yorqin namunasiga aylandi. Xususan, mamlakatlarimiz islohotlar, ochiqlik, taraqqiyot va qayta tiklanish borasida bir-biridan o‘rganmoqda va tajriba almashmoqda, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarini birlashtirib, o‘zaro yordamlashmoqda, bu esa har tomonlama strategik sherikligimizning mohiyatini to‘liq aks ettiradi.
Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarining rivojiga katta ahamiyat qaratmoqdaman hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligidan foydalanib, Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochish maqsadida bor kuch va imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligimini bildiraman", degan Si Szinpin.
XXR raisi so‘zi yakunida Shavkat Mirziyoyevga muvaffaqiyatlar va mustahkam sog‘lik, shuningdek, do‘st O‘zbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman.