Mundialdagi ishtirokdan o‘zbek futboli yutdi – Eldor Shomurodov (video)

Sport

image

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Kannavaro boshchiligidagi milliy jamoaning Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatidagi qoniqarsiz natijasi uchun uzr so‘radi. Bu haqda u bugun, 1 iyul kuni milliy terma jamoa a’zolarini tantanali kutib olish tadbiridagi nutqida aytdi.

Shomurodov turnirdagi qayd etilgan natijaga qaramay, qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga rahmat aytgan.

“Birinchi navbatda, uchrashuvimizga, shunaqa natijaga qaramay, bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha shu yerga kelgan, qo‘llab-quvvatlagan, Amerikada turganimizda qo‘llab-quvvatlab turgan barcha muxlislarga minnatdorchiligimizni bildiramiz”, degan jamoa sardori.

Terma jamoa hujumchisining so‘zlariga ko‘ra, mundialda qatnashish mamlakat futboli uchun yutuq bo‘ldi.

“Barcha futbolchilar jahon chempionatida borini berdi. Shuni ayta olaman. Yomon natijaga qaramay, bu narsadan O‘zbekiston futboli va O‘zbekiston yutdi deb o‘ylayman, chunki shuncha odamlarni birlashtira oldik shu futbol orqali. Bu, buning o‘zi bizni faxrlanishga arziydi deb o‘ylayman. Albatta, natija uchun barchadan uzr so‘raymiz”, deydi Eldor.

Ma’lumot uchun, Fabio Kannavaro boshqargan O‘zbekiston milliy terma jamoasi mundialdagi guruh bosqichining uch bahsida ham raqiblariga mag‘lub bo‘lib, darvozasidan umumiy hisobda 11 ta top olib chiqishga majbur bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning Kongo DR darvozasiga kiritgan goli 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichining eng chiroyli goli deb topilgani xabar qilingandi. O‘sha bahs yakunida milliy terma jamoa vakillari Kongo DRga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing