Mulki “snos”ga tushgan tadbirkorlar 2021 yilda ham kompensatsiya ololmasligi mumkin

Jamiyat

image

2021 yilda Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha jamg‘armaga 150 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatsi deputati Rasul Kusherboyevning fikricha, bu mablag‘ 2-3 tumandagi qarzdorlikni qoplashga yetadi, xolos.

Kusherboyev “snos”larning kompensatsiyasi uchun ajratilayotgan bu mablag‘ real ehtiyojga qaraganda judayam kamligini aytib o‘tgan. Deputat O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovga shu haqda savol berdi.

“Bu summa qayoqdan kelib chiqdi? Amaldagi real ehtiyojga qaraganda juda ham kam summa qo‘yilgan.

Masalan, Toshkent viloyatining bitta tumanini bilaman, shu tumanning o‘zida asosan tadbirkorlardan 100 mlrd so‘m atrofida qarzdorlik bor. Pullar haligacha qoplab berilmagan. Joyini buzishga buzib tashlab, haliyam yotibdi... Uning tadbirkorligi ham to‘xtab qolgan. Bu yerdagi raqam respublika bo‘yicha 2 yoki 3 ta tumanni qoplaydi.

Hokimiyatlar bilan qanchadan beri janjallashamiz, “pulimiz yo‘q”, deyapti. Lekin joyini buzib bo‘lgan, nima qilsa qilgan.

Bu raqam qayerdan kelib chiqdi? Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, kelasi yil davomida ham tadbirkorlar oldidagi qarzimizni uza olmas ekanmiz-da? U yerda oddiy fuqarolar ham bor. Bu summa aslida qanchadir trillion bo‘lishi kerak”, deydi Rasul Kusherboyev.

Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov deputatga javoban 150 mlrd so‘m byudjetning imkoniyatidan kelib chiqib qo‘yilganini aytdi.

“Yangi tartib ishlab chiqildi. Yangi tartibga ko‘ra, buzilishdan oldin ruxsat olinadi, yetarli mablag‘ bor bo‘lsa, keyin buziladi. Shundan kelib chiqib, byudjetning imkoniyatidan kelib chiqib, 150 mlrd mablag‘ qo‘yganmiz bu yo‘nalishga”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev byudjet

Baholaganlar

111

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing