Muxolifat tarafdorlari Belgradda yangi norozilik namoyishini boshladi
Olam
−
25 dekabr 2023
5410“Serbiya zo‘ravonlikka qarshi” muxolifat koalitsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi “Kurash” talabalar tashkiloti poytaxt Belgrad markazidagi Davlat boshqaruvi va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish vazirligi binosi oldida norozilik namoyishini boshladi. Bu haqda N1 telekanali xabar berdi.
“Kurash” muxolifatning “Serbiya zo‘ravonlikka qarshi” koalitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, mamlakat Davlat boshqaruvi vazirligidan 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida saylov ro‘yxatlarini qonunbuzarliklar uchun qayta tekshirishni talab qilmoqda.
Talabalar tashkilotining 500 ga yaqin tarafdorlari Birchaninova ko‘chasi bo‘ylab Davlat boshqaruvi va Tashqi ishlar vazirliklari binolari o‘rtasida yo‘l harakatini to‘sib qo‘ygan.
Belgraddagi voqealarga guvoh bo‘layotganlarning aytishicha, namoyishchilar hushtak, trubalar va kostryulkalardan yasalgan qo‘lbola barabanlardan foydalanmoqda.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, mamlakatda ikkinchi o‘rinda turadigan Novi Sad shahridan talaba faollar ham namoyishchilarga qo‘shilish niyatida.
Serbiya politsiya boshqarmasi boshlig‘i Ivitsa Ivkovichning aytishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari namoyishchilarga davlat idoralari ishini va ko‘chalardagi transport harakatini to‘sib qo‘yishiga ruxsat bermaydi.
Ma’lumot uchun, Serbiyada ommaviy namoyishlar 18 dekabr kuni kechqurun boshlangan. 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalaridan rozi bo‘lmagan muxolifat Belgrad markazidagi Respublika saylov komissiyasi binosi yonida bir qator mitinglarni boshladi va ular hozirgacha davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 dekabr kuni Serbiya poytaxti Belgrad markazida 2,5 mingga yaqin odam namoyishga chiqqan, ularning 1,2 mingga yaqini shahar ma’muriyati binosiga bostirib kirishga uringandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova G‘arbni Belgraddagi tartibsizliklar ortida turganlikda ayblagandi.
LiveBarchasi