Muxolifat partiya Toshkent hokimidan yo‘l to‘siqlari bo‘yicha hisobot talab qildi
Jamiyat
−
14:43 4186 2 daqiqa
Ayni kunlarda Toshkent shahrida avtomobil yo‘llarida ro‘y berayotgan ayrim o‘zgarishlar, xususan, ko‘cha va yo‘llar bo‘ylab temir panjaralar o‘rnatilayotgani aholi vakillari, mutaxassis va ekspertlarning turli fikr-mulohazalari, e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda. Mazkur muhokamalar ortidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov nomiga deputatlik so‘rovi yubordi.
Toshkent shahar hokimining 2025 yil 20 maydagi 367-14-0-Q/25-son, shuningdek, 2025 yil 21 iyuldagi 530-14-0-Q/25-son qarorlariga muvofiq, poytaxtda ko‘cha va yo‘llar bo‘ylab temir panjaralarni o‘rnatish uchun jami 8,4 mlrd mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan va shu asosda ishlar amalga oshirilmoqda.
Eski amaliyotga qaytilib, poytaxt ko‘chalarida yangi panjaralar o‘rnatilgani, keyin olib tashlangani keng jamoatchilikda, jumladan, Xalq demokratik partiyasi elektorati orasida haqli e’tirozlar, qator muhim savollarni keltirib chiqargan.
Yuqoridagilarga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga deputatlik so‘rovi yubordi.
Unda jamoatchilik va partiya elektoratini bezovta qilayotgan savollar ko‘tarilgan:
- Toshkent shahri ko‘cha va yo‘llarida yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralar o‘rnatilishi harakat xavfsizligini ta’minlashga, piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qilishi qanday asoslangan?
- Temir panjaralar va boshqa to‘siqlar o‘rnatish masalasida ekspertlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganmi, ularning fikrlari olinganmi? Bu borada ilmiy asoslangan va tahliliy ma’lumotlar mavjudmi?
- Nima sababdan yana boshqatdan ko‘plab davlat mablag‘lari sarflanib, piyodalar va yo‘lovchilarga xavf tug‘dirishi tan olingan amaliyotga – yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralarni o‘rnatishga qaytilmoqda?
- Aholi zich joylashgan va ko‘p harakatlanadigan ko‘chalarda piyodalar oson va tez kesib o‘tishini ta’minlash, piyodalar o‘tish joylarini tashkil etish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- Hozir o‘rnatilayotgan panjara to‘siqlar qaysi normativ-huquqiy asos va standartlar bo‘yicha loyihalangan va amalga oshirilmoqda? Bu kabi temir panjaralarni o‘rnatish yo‘llarda piyodalar va yo‘lovchilar xavfsizligini kafolatlaydimi?
Deputatlik so‘rovida “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, yuzaga kelgan savollarga javob bergan holda, ushbu dolzarb ijtimoiy masala bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarni bayon etish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabr oyida Xalq demokratik partiyasi deputatlari Toshkent shahridagi avtomobillar uchun pulli to‘xtash joylaridagi narxlarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan edi. Biroq bu so‘rov bo‘yicha hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi.
Live
Barchasi