Mudhish voqea. Shvetsiyada ona o‘z o‘g‘lini 28 yil hibsda ushlab turgani aniqlandi
Olam
−
01 dekabr 2020
19610Stokgolm politsiyasi poytaxtda yashovchi 70 yoshli fuqaroni qo‘lga oldi. U 12 yoshli o‘z o‘g‘lini 28 yil davomida hibsda ushlab turgan. Bu haqda “Expressen” xabar bermoqda.
Gazetaning yozishicha, kunlarning birida uning qarindoshi ayolning uyiga kelgan. U uyda og‘zida bir dona ham tishi yo‘q, oyoqlarida yaralari bor, sochlari to‘kilgan va savollarga zo‘rg‘a javob bera oladigan qo‘rqinchli qiyofadagi odamni ko‘radi.
Qarindoshining so‘zlariga ko‘ra, u ko‘p yillar davomida ayoldan o‘z o‘g‘lini jamiyatdan yashirib kelayotganini gumon qilib yurgan. Ayolni shifoxonaga olib ketishganida, qarindoshi mudhish uyni ko‘zdan kechiradi. U zudlik bilan shifokorlarni chaqiradi va o‘n yillar davomida shafqatsizlarcha hibsda saqlangan 41 yoshli erkak haqida politsiyaga xabar beradi. Ayni damda shifokorlar uning ahvolini og‘ir, deb ta’riflamoqda.
Boshqa guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ona yettinchi sinfda o‘qiyotgan o‘g‘lini maktabdan olib ketgan va o‘shandan beri uni hibsda saqlab kelgan.
Ushbu holatning guvohi bo‘lgan qarindoshning gazetaga bergan intervyusida, u mazkur oilada qandaydir shubhali narsalar borligini oldindan bilganini aytgan. U bu haqda boshqalarga so‘zlashni istaganida, hech kim uning gapiga quloq solmagan. Shu sabab u bu masalani o‘zi ko‘tarishga qaror qilgan.