Muammolar girdobidagi YeOII. Putin gaz narxini arzonlashtirish shartini aytdi
Olam
−
20 may 2020
8925Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining hozirgi integratsiyalashuv darajasida gaz tranziti uchun yagona tarif joriy qilib bo‘lmaydi. Videokonferensaloqa shaklidagi sammitda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning gaz narxi bo‘yicha e’tirozlariga javob berib, shunday fikr bildirdi.
YeOIIda gaz bozorida narxlar hamon tartibga solinmagan. Ittifoqqa a’zo davlatlar Belarus va Armaniston esa Rossiyadan gazni arzonroq sotib olishni xohlaydi. Narx borasidagi kelishmovchiliklar integratsiyani chuqurlashtirishga ham halal beradi.
Ammo Putin qo‘shnilariga gazni arzonroqqa sotish niyatida emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ittifoq hududida gaz yetkazib berish va tranzit uchun yagona narx joriy qilishdan avval ba’zi ishlarni bajarish kerak bo‘ladi.
“Arman va belaruslik do‘stlarimizning gaz yetkazib berish va tranzit qilish uchun yagona tarif joriy qilish taklifiga kelsak, biz yagona tarif yagona byudjet va soliq tizimi joriy qilingandagina amalga oshishi mumkin deb hisoblaymiz. YeOIIda integratsiyaning bunday chuqur darajasiga hali yetganimiz yo‘q”, dedi Putin ittifoqchilarining talabiga javoban.
Putinning fikricha, hozir gaz narxi bozor konyukturasidan kelib chiqib belgilanishi kerak. Shu orqali Putin avval ittifoqchilarini o‘ziga bog‘lab olib, ya’ni integratsiyaga erishib, so‘ng gaz narxini pasaytirmoqchi.
Rossiya Prezidenti Belarusga yetkazib berilayotgan gaz narxiga to‘xtalib, u xarajatlar va yetkazib beruvchi investitsiyasini hisobga olgan holda shakllanishini ta’kidlagan.
Germaniya Rossiyadan ming kub metr gazni 65-68 dollarga sotib olgani holda, uning ittifoqchisi Belarusga huddi shuncha gaz 127 dollarga tushadi. Bu "ittifoqchi" nomiga ega Belarus uchun alam qilishi tabiiy. Axir, Germaniya boshqa G‘arb davlatlari bilan Rossiyaga qarshi sanksiya joriy qilgan. Shunga qaramay gaz unga arzon sotilyapti.
So‘nggi vaqtlarda Qirg‘iziston ham YeOIIdagi ishtirokidan mamnun emas. Mamlakat o‘z tovarlarining Rossiya bozoriga yetkazib berilishidagi to‘siqlar va gaz narxining qimmatligidan norozi. Ahamiyatlisi, Qirg‘izistonda gaz yetkazib beruvchi “Qirg‘izgaz” tashkiloti to‘lig‘icha “Gazprom”ga tegishli, ammo bu gaz narxi yuqoriligicha qolishiga halal bermagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘zaro kelishmovchilik va noroziliklar girdobida qolgan YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida kirishga yaqin turibdi. Tegishli qonunni parlamentning ikki palatasi ham ma’qulladi. Qonun Prezident tasdig‘idan o‘tsa, hammasi hal bo‘ladi.
LiveBarchasi