Mualliflar gildiyasi sun’iy intellekt kompaniyalaridan pul talab qilmoqda
Madaniyat-san’at
−
22 iyul 2023
3654Mualliflar gildiyasi sun’iy intellekt (SI) kompaniyalarini ularning mualliflik materiallaridan noqonuniy foydalanganlikda ayblab, to‘lov talab qilmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.
Texnologik kompaniyalarni sun’iy intellekt bazasini shakllantirish uchun mualliflik huquqiga ega materiallardan noqonuniy ravishda foydalanganlikda ayblayotgan mualliflar soni 8000 dan ortiq. Ular orasida dunyodagi eng taniqli yozuvchilar, jumladan, Margaret Etvud, Den Braun, Maykl Sheybon, Jonatan Franzen, Jeyms Patterson, Jodi Pikult va Filip Pulman bor.
Mualliflar gildiyasi ushbu ayblovni 18 iyul kuni ChatGPT, Facebook, Google, IBM va Microsoft Bosh direktorlari nomiga yo‘llagan ochiq xatida e’lon qilgan. Aksariyat kompaniyalar izoh so‘roviga darhol javob bermadilar. Meta va Microsoft esa izoh berishdan butunlay bosh tortdi.
"Millionlab mualliflik huquqi bilan himoyalangan kitoblar, maqolalar, insholar va she’rlar SI tizimlari uchun "oziq-ovqat " bo‘lib xizmat qiladi. Yozuvchilarimizning materiallaridan foydalanganingiz uchun bizga kompensatsiya berishingiz adolatli, ularsiz SI oddiy va juda imkoniyati cheklangan bo‘lar edi”, deyiladi xatda.
Xatni imzolagan minglab mualliflar texnologik kompaniyalardan nafaqat ularning materiallaridan foydalanganlik uchun kompensatsiya talab qildi, balki ularni mualliflik huquqi bilan himoyalangan materialdan foydalanishdan oldin ruxsat so‘rashga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, kino va televideniye yozuvchilari may oyining boshida konokompaniyalarga qarshi ommaviy ish tashlashlar e’lon qildi. Bu esa tungi televizion tok-shoularning takrorlanishiga, kuz mavsumining ko‘plab teleseriallari va katta byudjetli filmlarning suratga olish jarayonini to‘xtatashiga olib keldi.
Sevara Husniddinova
LiveBarchasi