Muhojirning og‘ir hayoti: moddiy ehtiyoj asosiy sababmi?

Tahlil

image

Har bir inson yaxshi yashashga, yaxshi daromad topishga intiladi. Buning uchun esa, ba’zida vatanini, jondan aziz oilasini tashlab, uch-to‘rt  so‘m va ro‘zg‘or g‘amida uzoqlarga ketishga majbur bo‘ladi. Biz shunchaki, muhojirlar deb ataydigan qatlam dunyoda yil sayin ortib bormoqda. Bugungi mulohazalarimiz shu haqida.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 1990 yilda 153 millionni tashkil qilgan migrantlar soni 2019 yilning o‘rtalariga kelib 272 millionga yetgan. Bu dunyo aholisining 3,5 foizi degani. Odamlarni o‘z yurtini tashlab ketishga majbur qilayotgan bir qancha omillar mavjud: qurolli mojarolar, etnik ta’qib, tabiiy ofatlar va qashshoqlik (!). O‘qish yoki yaxshiroq daromad uchun safarga chiqqanlar ham bor. Ularning asosiy qismi erkaklar bo‘lsa-da, ayollar ulushi ham kam emas – 47,9 foiz.  Achinarlisi, 38 million yoki umumiy migrantlar sonining 14 foizi hali 20 yoshga ham to‘lmagan o‘spirinlar. 

Migratsiya aslida salbiy holat emas. Bu har ikkala tomon uchun ham ijobiy jarayondir. Iqtisodchilar fikricha, migrantlarning uylariga yuboradigan pul o‘tkazmalari aholi daromadlarini oshirishga va ko‘chirilgan odam kelgan mamlakatda umumiy turmush darajasini yaxshilashga yordam beradi. Misol uchun, 2017 yilda dunyo bo‘yicha pul o‘tkazmalari miqdori 596 milliard AQSH dollarini tashkil etgan edi. Shundan, 450 milliardi rivojlanayotgan mamlakatlarga yuborilgan. Migrantlarning pul o‘tkazmalari katta kapital oqimidir, bu rivojlanish uchun rasmiy yordamdan uch barobar katta. Ammo, bu ular topadigan daromadning atigi 15 foizini tashkil qiladi. Qolgan 85 foizi migrantlar qabul qiluvchi mamlakat iqtisodiyotiga kiradigan sarmoya.

Rivojlangan davlatlarda mehnatga layoqatli aholi ulushi yil sayin kamayib bormoqda. Ammo mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab ortsa ortadiki, aslo kamaymaydi. Bu kabi davlatlarda muhojirlar mahalliy aholi rozi bo‘lmaydigan ish haqi uchun ishlaydi. Ko‘p hollarda bu yuqori malaka talab qilmaydigan mehnatdir.

“The Wall Ctreet Journal” nashrining yozishicha, Janubiy Koreya ishlab chiqarish, baliq ovlash va iqtisodiyotning boshqa sohalarida kadrlar etishmasligini qoplash maqsadida Pokiston va Nepaldan kelgan mehnat muhojirlari uchun yiliga 45 mingga yaqin viza beradi. Tayvanda esa, migrantlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda kasallarni parvarish qilishga yordam beradigan chet elliklarni mamlakatga jalb qilish asosiy yo‘nalish sifatida kiritilgan. 

Biz keltirayotgan raqamlar orasida muhojirlikda yashashga majbur bo‘layotganlar ham bor. Bugungi kunda dunyoda 70 million majburiy ko‘chirilgan odamlar, shu jumladan 26 million qochqinlar, 3,5 million boshpana izlovchilar va 41 milliondan ortiq ichki ko‘chirilganlar yashash uchun kurashmoqda. Keling, avvalo, qochqin va migrant tushunchalarining farqini bilib olaylik.

Qochqinlar 

Ular mavqei bo‘yicha Xalqaro konvensiyaga ko‘ra, o‘zi yashab turgan mamlakat hududining irqi, dini, millati, ijtimoiy kelib chiqishi, biror ijtimoiy guruhga a’zoligi, siyosiy qarashlari tufayli ta’qibga uchragan va hayotiga xavf bo‘lgan holatda tark etgan, xalqaro hamjamiyatdan o‘zini himoya qilishni so‘ragan shaxslarga nisbatan qochqin maqomi ishlatilishi mumkin.  So‘nggi yillarda bu maqomni olayotganlarning aksariyati qurolli mojarolar yuz berayotgan davlatlar fuqarolaridir: Suriya, Iroq, Afg‘oniston, Liviya, Janubiy Sudan va boshqalar. BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha yuqori komissariyatiga ko‘ra, bu davlatlardan kelayotgan fuqarolar hayotiga tajovuz haqida isbot keltirishiga hojat yo‘q. Komissariyatning hisob-kitobiga qaraganda, 258 million migrantning 68,5 millioni o‘z vatanini urush, zo‘ravonlik va ta’qib tufayli tark etishga majbur bo‘lgan. Ularning 25 milliondan ortig‘i qochqin maqomidagi migrantlar bo‘lib, bu bugunga qadar ko‘rilgan eng yuqori raqamdir.

Eng ko‘p qochoq Suriya hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatni qurolli mojarolar tufayli 12 million (aholisining 66 foizi) kishi tark etgan bo‘lsa, Afg‘onistondan 2,6 million, Janubiy Sudandan 2,4 million kishi qo‘shni mamlakat hududiga qochib o‘tishga majbur bo‘ldi.

BMT tomonidan qochqinlar va migrantlar huquqini himoya qilish borgan sari dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Bu harakat ilk bor 1951 yilda boshlangan edi. Aynan shu yilda hukumatlararo Xalqaro Migratsiya Tashkiloti tuzilgan. Tashkilot insonparvar va tartibli migratsiya migrantlarga ham, ularni qabul qiluvchi jamiyatga ham birdek foydali bo‘lishi kerak degan tamoyil asosida ishlaydi. 1990 yil 18 dekabrga kelib BMT Bosh Assambleyasi Mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolarining huquqlari himoyasiga bag‘ishlangan xalqaro konvensiyani qabul qildi. 2004 yildan boshlab BMT ushbu sanani Xalqaro muhojirlar kuni sifatida nishonlashga qaror qildi. 

2016 yil 19 sentyabr kuni BMT tomonidan muhojirlar hayotida katta o‘zgarish qilishi kutilgan Nyu-York deklaratsiyasi qabul qilindi.

Deklaratsiyaga muvofiq a’zo mamlakatlar:

•    migrantlar va qochoqlar huquqlarini himoya qilish;

•    ularning hayotini qutqarish;

•    qurolli mojaro bo‘layotgan davlatlardan kelgan va tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan migrantlarga yordam berish;

•    qochqin va muhojirlarni qabul qilish hamda javobgarlikni qo‘llab-quvvatlash;

•    xalqaro konferensiyalar o‘tkazishga erishish uchun muzokaralar olib borishni boshlash;

•    xavfsiz, tartibli va doimiy migratsiya uchun xalqaro kelishuvni qabul qilishni o‘z zimmasiga olishi kerak.

Shuningdek, muhojirlar huquqlari hurmat qilinishi uchun barcha davlatlar hamkorlik qilishi shartligi belgilab qo‘yildi. 2018 yil 10 dekabr kuni BMTga a’zo 150 mamlakat Marokashning Marrakesh shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Migratsiya bo‘yicha xalqaro paktni qabul qildi. Hujjat 2018 yil 19 dekabr kuni Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasida ratifikatsiya qilindi. 

Qabul qilinayotgan hujjatlarga qaramay vaziyat hali o‘nglanmadi. Qochqinlik va migratsiya bolalar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Majburan ko‘chganlarning yarmidan ko‘pi 18 yoshga to‘lmaganlar. UNESCO’ning 2019 yilgi ta’lim hisobotida aytilishicha, migrant va qochoq bolalar yarim million sinf xonasini to‘ldirishi mumkin. Qolaversa, 2014 yildan buyon 56 ming 800 nafar qochoq va migrantlar halok bo‘lgani yoki bedarak yo‘qolgani ham, afsuski, haqiqat. 

Shu o‘rinda aytish joizki, dunyoning bir qancha davlatlari muhojirlarning yashashi, ishlab pul topishi uchun ancha xavfsiz hisoblanadi. Xalqaro migrantlarning 65 foizdan ko‘pi o‘zlari uchun qulay bo‘lgan 20 mamlakatga safar qiladi. Quyida bu jihatdan yetakchilik qiladigan 5 davlat haqida gapiramiz.

Qabul qilingan muhojirlar soni bo‘yicha yetakchi – AQSH. 2019 yilning o‘rtalarida mamlakatda dunyoning turli mintaqalaridan kelgan 50,7 million insonlar istiqomat qilgan. Aholining umumiy sonidagi migrantlarning ulushi taxminan 15,4% ni tashkil etdi. Germaniya muhojirlar uchun eng jozibador ikkinchi davlatga aylandi – 13,13 million kishi, bu mamlakat aholisining 15,7 foiziga teng. Saudiya Arabistoni muhojirlarni juda qiziqtiradi. U yerga 13,12 million muhojir ko‘chib keldi, ular umumiy aholining 38,3 foizini tashkil qildi. To‘rtinchi o‘rin 11,6 million muhojir yashaydigan Rossiya Federatsiyasiga tegishli (aholining 8%). Ular orasida o‘zbekistonliklarning ham ulushi yuqori – 2 milliondan ziyod. Muhojirlar soni bo‘yicha Buyuk Britaniya beshinchi qatorda. U 9,6 million kishiga (aholining 14,1%) boshpana bergan.

O‘zbekistonda…

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Mamlakatdagi migratsion jarayon ham aynan ishsizlik bilan bog‘liq. 2019 yilgi hisobotlarga ko‘ra, ishsizlar soni 1 million 300 nafarni tashkil etgan.

Maktablarni har yili bir millionga yaqin o‘quvchi tamomlaydi. Oliy o‘quv yurtiga kirish darajasi esa, ancha past. Ularning hammasini ham ish bilan ta’minlashga davlatning qurbi yetmaydi. Natijada moddiy ehtiyojlarini qoplash uchun chet elga chiqib ketayotgan fuqarolar soniga son qo‘shiladi.

Bugungi kunda 2 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi o‘zga davlatlarda mehnat qilmoqda. Ularning 1 million 500 mingdan ortig‘i Rossiyada, 200 mingga yaqin fuqarolar Qozog‘istonda, 70 mingga yaqini Koreyada mehnat qilmoqda. Shuningdek, Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 90 mingga yaqin, Novosibirskda 200 ming, Samarada 100 ming nafar, Ufada 70 ming nafar, Chimkent 100 ming, Istanbulda 300 ming o‘zbekistonlik ishlamoqda. Bu shunchaki rasmiy statistika. Asl raqamlar bundan ko‘proq ham bo‘lishi mumkin. 

O‘zbekistonlik muhojirlarga nisbatan yengilliklar yaratish borasida ham yaxshi yangiliklar bor. Ammo so‘zimizni, bir paradoks bilan yakunlamoqchiman.  Andijon viloyati hokimi 4500 nafar fuqaroga Rossiyadan ish topib bergan bir vaqtda, ishsizlik darajasi bo‘yicha respublikada oldi qatorlarda turuvchi Qashqadaryodagi muhandislik kompaniyasi mingga yaqin bagladeshliklarni ish bilan ta’minlayapti. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Natijani kutamiz.

Karim Zaripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

migrantlar migratsiya muhojirlar

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing