Muhojirlar o‘z mamlakatlariga qaytariladi – Meksika Prezidenti
Olam
−
22 yanvar
2405AQSHga kirish niyatida Meksikaga kelgan noqonuniy muhojirlar o‘z mamlakatlariga qaytarib yuboriladi. Bu haqda Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum kecha, 21 yanvar kuni mamlakat poytaxti Mexikodagi Milliy saroyda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
“Markaziy Amerikaning barcha davlatlari, xususan, Gvatemala bilan kelishuv mavjud va yaqinda bu maqsadda hatto uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kuba bilan ham kelishuv mavjud. Noqonuniy muhojirlarni Meksika hududiga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelgan joyiga jo‘natish kerak”, degan davlat rahbari.
Shu bilan birga, Prezident Meksikadagi noqonuniy muhojirlarga gumanitar yordam ko‘rsatilishiga ishontirgan.
“Gap shundaki, agar bu odamlar Meksikada bo‘lsa, biz ularga gumanitar tomondan e’tibor beramiz, ammo immigratsiya siyosatining bir qismi sifatida biz ularning o‘z vatanlariga qaytishlarini istaymiz, chunki ular chet elliklardir”, degan Sheynbaum.
Prezidentning qayd etishicha, Meksika rasmiylari muhojirlar ahvoli yuzasidan AQSH rasmiylari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, u hokimiyatga kelganidan beri birinchi navbatda muhojirlarni ixtiyoriy ravishda vataniga qaytarishni rag‘batlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp immigratsiya choralarini kuchaytirishga olib keladigan bir qator farmonlarni imzolagandi. Xususan, u AQSHning janubiy chegarasida favqulodda holat e’lon qilgandi.
LiveBarchasi