Muhim loyiha: O‘zbekiston Eron porti orqali dengizga chiqmoqchi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Hindiston va Eron bilan savdo uchun dengiz yo‘llariga chiqishni yaxshilash va diversifikatsiya qilish bo‘yicha mamlakatning sa’y-harakatlari doirasida Eronning Makran sohilidagi Chabahar porti orqali kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma rejani ilgari suradi. Bu haqda “Hindustan Times” nashri O‘zbekistonning yuqori martabali rasmiylariga tayanib xabar bergan. 

Chabahar portidan birgalikda foydalanish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi virtual uchrashuvi 2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan, hozir esa tomonlar ikkinchi uchrashuv sanasini belgilamoqda. 

“Hindiston strategik hamkorlarimizdan biri va bu muhim loyiha”, degan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Siddiqov. 

O‘z navbatida, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan O‘zbekiston hukumati okeanlarga chiqish yo‘llarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni diversifikatsiya qilishni strategik muhim deb bilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston eksport va importining qariyb 80 foizi Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya hududidan o‘tuvchi shimoliy yo‘nalishlar bo‘ylab o‘tadi va mamlakat Fors ko‘rfaziga chiqishga muhtoj. 

“Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyoni birlashtirishga harakat qilish foydaliroq bo‘lardi. Bu butun mintaqada xavfsizlik holatini yaxshilash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish uchun yangi eshiklarni ochadi”, deya qo‘shimcha qilgan Baxtiyor Mustafoyev. 

Chabahar mintaqa davlatlariga chiqish uchun muhim port hisoblanadi. Hozirda portda yiliga 15 million tonnagacha yuk tushirish va yuklash uchun  infratuzilma va strategik uskunalar mavjud. Bu dengiz darvozasi o‘zining strategik o‘rni tufayli Markaziy Osiyo davlatlaridan yuk tashishda muhim rol o‘ynashi mumkin. 

Shu bilan birga, ushbu port dunyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan ikkita bozorni bog‘lagan holda eng arzon, eng xavfsiz va ishonchli portlardan biri hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Eron Hindiston Chabahar

Baholaganlar

426

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing