MTT tashkil etishni moliyalashtirishga 182 mlrd so‘m ajratiladi – Prezident qarori
Jamiyat
−
31 yanvar 2020
7793O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash orqali maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini yanada kengaytirish hamda bolalarning maktabgacha ta’limi bilan kengroq qamrab olinishini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
• 2018-2019 yillarda maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda xalqaro moliya institutlaridan ekvivalenti 200,0 million AQSH dollari miqdoridagi kreditlar jalb qilinganligi;
• mazkur kreditlar hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va xususiy sheriklar o‘rtasida 140,1 ming o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun imzolangan 1 412 ta davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlardan (keyingi o‘rinlarda – bitimlar) 992 tasi bo‘yicha imtiyozli kreditlar moliyalashtirilganligi;
• 420 ta bitimlarning 100 dan ortig‘i bo‘yicha xususiy sheriklar tomonidan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash (keyingi o‘rinlarda – maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish) ishlari hajmi 25 va undan ortiq foizi bajarilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish dasturini davom ettirish maqsadida belgilangan tartibda tuzilgan bitimlar bo‘yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
3. Belgilansinki:
a) 2019 yil 1 dekabrga qadar maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish ishlari 25 foizdan kam bo‘lmagan hajmda bajarilgan bitimlar bo‘yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan 182 milliard so‘m mablag‘lar Moliya vazirligi tomonidan 2020 yil uchun Davlat byudjetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha xarajatlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida 2020 yil 1 martga qadar ajratiladi. Bunda kreditlar 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 1 foizli stavka bo‘yicha beriladi;
b) 2018-2019 yillarda belgilangan tartibda tuzilgan 300 dan ortiq bitimlar bo‘yicha kreditlar:
• Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlarning ma’muriy markazlari hamda 1-ilovada keltirilgan viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlarda – 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka bo‘yicha;
• tumanlarning ma’muriy markazlarida – 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka bo‘yicha;
• tumanlarning boshqa hududlarida – 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka bo‘yicha beriladi;
• 2020 yilda xalqaro moliya institutlaridan ushbu maqsadlar uchun jalb etiladigan imtiyozli kreditlar (qarzlar) hisobidan moliyalashtiriladi;
v) 2021 yil va kelgusi yillarda tuziladigan bitimlar bo‘yicha kreditlar:
tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadigan foiz stavkalarida beriladi;
xalqaro moliya institutlaridan jalb etiladigan imtiyozli kreditlar (qarzlar), shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval ajratilgan kreditlar bo‘yicha xususiy sherik tomonidan qaytariladigan asosiy qarzlar hisobidan moliyalashtiriladi;
g) 2018-2019 yillarda belgilangan tartibda imzolanib, moliyalashtirilmagan hamda kelgusi yillarda tuziladigan bitimlar bo‘yicha kreditlar ushbu bitimlarda nazarda tutilgan xususiy sherikning o‘z mablag‘lari hisobidan bajarilishi (sotib olinishi) lozim bo‘lgan ishlar (tovarlar) to‘liq amalga oshirilganidan so‘ng, tijorat banklari tomonidan moliyalashtiriladi.
4. Belgilab qo‘yilsinki mazkur qarorning:
3-bandi “a” kichik bandida ko‘zda tutilgan kreditlar bo‘yicha xususiy sherik tomonidan to‘lanadigan foizlar xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankida to‘liq qoldiriladi;
3-bandi “b” kichik bandida ko‘zda tutilgan kreditlar bo‘yicha xususiy sherik tomonidan to‘lanadigan foiz stavkasining 2 foizi xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankida qoldiriladi, qolgan qismi O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti daromadiga o‘tkaziladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini (qarzlarini) jalb qilish choralarini ko‘rsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilinadigan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ustuvor tartibda Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar, shuningdek, viloyat va tumanlarning ma’muriy markazlarida tashkil etilishiga e’tibor qaratsin;
hududlarda mavjud maktabgacha ta’lim tashkilotlarining quvvati va qamrovini o‘rganib chiqsin hamda unda yashayotgan aholi sonidan kelib chiqqan holda yangi va faoliyat yuritayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarning qo‘shimcha o‘rinlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlasin;
2020 yil va kelgusi yillarda bitimlarning faqatgina xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan kreditlar (qarzlar) hamda davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval ajratilgan kreditlar bo‘yicha xususiy sherik tomonidan qaytariladigan asosiy qarzlar hisobidan maxsus ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar doirasida tuzilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xususiy sheriklarga berilgan kreditlar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ajratilgan byudjet subsidiyalari maqsadli va samarali ishlatilishi bo‘yicha doimiy monitoringni yo‘lga qo‘ysin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3651-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov – mazkur qaror ijrosini sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida ta’minlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining bajarilgan ishlari to‘g‘risidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri A.V.Shin –shakllangan mablag‘lar doirasida bitimlarni o‘z vaqtida tuzish va amalga oshirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rsin, xususiy sheriklarga imtiyozli kreditlar olishda ko‘maklashsin, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bitim talablari bajarilishi ustidan doimiy monitoringni yo‘lga qo‘ysin, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda mas’ul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin hamda uning ijrosi bo‘yicha har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;
mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – maktabgacha ta’lim sohasida xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan zarur shart-sharoitlarni yaratish, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Ko‘chimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D.Xadjayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori – mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2020 yil 30 yanvar
LiveBarchasi