MSK saylov natijalarini bekor qildi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Jo‘qorg‘u Kenesh deputatlari saylovlari natijalarini bekor deb topish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Gulnora Jo‘raboyeva ma’lum qilmoqda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, parlamentni tarqatib yuborish masalasi ham muhokama qilingan.  

"Menimcha, ushbu saylov kampaniyasi bilan biz o‘zimizni obro‘sizlantirdik, shuning uchun bu holatda eng yaxshi va eng to‘g‘ri qaror muddatidan oldin iste’foga chiqish bo‘ladi", deydi Gulnora Jo‘raboyeva. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24 foiz), “Makonim Qirg‘iziston” (24 foiz), “Qirg‘iziston” (8 foiz) va “Butun Qirg‘iziston” (7 foiz) partiyalari.

Saylovning yakuniy natijasi 20 kun ichida e’lon qilinishi kerak edi. Ammo saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi

Namoyishlarda hozirgacha bir kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odam reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Kuchishlatar tuzilmalarning 200 ga yaqin xodimi jarohatlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Markaziy saylov komissiyasi Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

146

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing