MSK Xorazmda nomzodlar tazyiqqa uchraganiga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Xorazm viloyati Xalq deputatlari Urganch shahar kengashiga saylovlarda ishtirok etgan nomzodlar Sherzod Sharipov va Qahramon Adambayev tazyiqqa uchragani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar bo‘yicha tekshiruv boshlganini xabar bergandik.

Sherzod Sharipov va Qahramon Adambayevga nisbatan nomzodlikdan voz kechish bo‘yicha tazyiq bo‘layotgani to‘g‘risidagi xabarlarga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi e’tibor qaratdi.

Mazkur xabarni o‘rganish jarayonida Xalq deputatlari Urganch shahar kengashiga saylov o‘tkazuvchi A.Qodiriy va Temiryo‘lchi okrug saylov komissiyalarining bayonnomalari ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, bayonnomalarga ko‘ra A.Qodiriy saylov okrugi bo‘yicha Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan Adamboyev Qahramon eng ko‘p, ya’ni ovoz berishda ishtirok etgan 1 686 nafar saylovchilarning 568 ta yoki 34,8 foiz ovozini olgan.

Shuningdek, Temiryo‘lchi saylov okrugi bo‘yicha Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan Sharipov Sherzod ham eng ko‘p, ya’ni ovoz berishda ishtirok etgan 2 150 nafar saylovchilarning 601 ta yoki 28,0 foiz ovozini olgan.

Saylov kodeksining 96-moddasiga asosan saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.

Saylov kodeksining 59-moddasiga asosan agar mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo‘yicha ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi. Takroriy ovoz berish ikki haftalik muddatda o‘tkaziladi.

Shuni inobatga olib, Xalq deputatlari Urganch shahar kengashiga yuqorida qayd etilgan saylov okruglari bo‘yicha takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

“Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlarni qo‘shimcha o‘rganish va ularga huquqiy baho berish uchun zarur materiallar prokuratura idoralariga taqdim qilindi”, deyiladi Markaziy saylov komissiyasi xabarida.
 


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm deputat saylov

Baholaganlar

36

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing