MrBeast Samarqanddagi tartibsizlik sabab O‘zbekistondan ketib qoldimi? (video)
Jamiyat
−
18:12 3919 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga maxsus dastur asosida tashrif buyurgan amerikalik mashhur bloger Jimmi Donaldson (MrBeast) Samarqand shahriga borgan paytida muxlislari sabab O‘zbekistondan ketib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Xususan, CNN telekanalining Instagram’dagi sahifasida ham Samarqanddan kadrlar e’lon qilinib, MrBeast jamoasi xavfsizlik sababli safarni bekor qilishi mumkinligini xabar qildi. Ushbu xabarlar yuzasidan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Jimmi Donaldsonning O‘zbekistonga tashrifi avval-boshdanoq ikki shahar – Toshkent va Samarqandni o‘z ichiga olishi rejalashtirilgan. Dastur MrBeast jamoasi bilan oldindan kelishilgan va tasdiqlangan jadvalga muvofiq amalga oshirilgan. Dasturning hech bir bandi bekor qilinmagan va u jo‘nab ketadigan sana oldindan belgilangan bo‘lgan.
Bildirilishicha, tasvirga olish guruhining qolgan a’zolari rejalashtirilganidek O‘zbekistonning boshqa shaharlarida suratga olish ishlarini davom ettirmoqda.
“Jamg‘arma Toshkent va Samarqand aholisi va mehmonlariga Jimmi va uning jamoasiga ko‘rsatilgan iliq olqishlar uchun minnatdorlik bildiradi. Tashrif haqidagi aniq ma’lumotlar O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining rasmiy kanallarida e’lon qilinib borilmoqda”, deyiladi jamg‘armaning rasmiy bayonotida.
Ma’lumot uchun, MrBeast joriy yilning 9 oktyabr kuni O‘zbekistonda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ommaviy tadbir doirasida Toshkentga kelgandi. MrBeast YouTube’dagi yirik byudjetli videolari, turli musobaqalari va katta pul mukofotlari bilan tanilgan. Uning kanallariga jami 500 milliondan ortiq foydalanuvchi obuna bo‘lgan. Bloger, shuningdek, xayriya loyihalari bilan ham shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida mehmon bo‘lib turgan Mr Beast’ning transport vositasi YTHga uchragani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bu xabarlarni rad etdi.
Live
Barchasi