MRB Eron yadroviy inshootlariga katta zarar yetganini e’lon qildi
Olam
−
26 iyun 9223 2 daqiqa
Eronning yadroviy ob’ektlariga Amerika tomonidan uyushtirilgan zarbalar oqibatida jiddiy zarar yetkazilgan. Bu haqda so‘nggi razvedka ma’lumotlariga tayanib, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Ratkliff bayonot berdi.
“MRB tasdiqlashi mumkinki, ishonchli razvedka ma’lumotlari jamlanmasi Eron yadroviy dasturiga so‘nggi hujumlar oqibatida jiddiy zarar yetganini ko‘rsatmoqda”, deyiladi bayonotda.
Ratkliffning aytishicha, ishonchli manbalardan olingan yangi razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, bir nechta asosiy yadroviy ob’ektlar butunlay vayron qilingan va ularni tiklash uchun yillar kerak bo‘ladi.
U, shuningdek, MRB qo‘shimcha ma’lumotlarni yig‘ishda davom etayotganini va u haqida rasmiylar hamda jamoatchilikni xabardor qilishini bildirgan.
Bungacha Pentagondan matbuotga Eronning yadroviy dasturidagi asosiy komponentlar yo‘q qilinmagani va bir necha oy ichida tiklanishi mumkinligi haqidagi xabarlar sizdirilgan edi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Eron yadroviy dasturi zarbalar oqibatida “butunlay yo‘q qilinganini” ta’kidlagan va CNN telekanali hamda “The New York Times” gazetasi tomonidan tarqatilgan razvedka hisobotiga asoslangan materiallarni “soxta yangiliklar” deb atagan.
“Axios” nashriga ko‘ra, Oq uyda razvedka ma’lumotlarining matbuotga sizib chiqishi ortidan Kongress bilan maxfiy axborot almashuvini cheklash rejalashtirilmoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, Federal tergov byurosi (FBI) bu borada maxsus tekshiruv boshlagan.
Nashrning yozishicha, bu cheklovlar Oq uy bilan Kongress a’zolari o‘rtasida maxfiy axborot almashish uchun ishlatiladigan CAPNET tizimidagi ma’lumotlarga nisbatan qo‘llanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Isroil-Eron o‘rtasidagi urush fonida joriy yilning 22 iyun kuni Eronning Fordo, Isfahon va Natanzdagi asosiy yadroviy ob’ektlariga bunkeryorar bombalar bilan zarba bergan edi.