Moskvaga yetib borishga qodir raketa tez orada tayyor bo‘ladi – Zelenskiy

Olam

−

image

Ukraina armiyasi Rossiya armiyasining yangi taktikasiga javoban Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga beriladigan zarbalarni kuchaytiradi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Reuters”ga bergan intervyusida so‘z ochdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qish oldidan ancha kengroq fuqarolik ob’ektlari doirasiga havo zarbalari berishni ko‘zda tutuvchi “yangi doktrina”ni tasdiqlaganini isbotlovchi hujjatlarni qo‘lga kiritgan.

“Biz hujjatlarni ko‘rdik va infrastruktura hamda logistikaga zarbalar berishga, eng muhimi – shahar va qishloqlarga hujum qilishga, hamma joyga: yo‘llarga, maktablarga, shifoxonalarga zarba berishga ruxsat berilganini bilamiz. Odamlarni poytaxt va boshqa shaharlarni tark etishga majbur qilish – ushbu operatsiyaning maqsadi ana shundan iborat”, deydi Zelenskiy.

Qayd etish joiz, oxirgi hafta davomida Kiyev uzluksiz raketa va dronlar hujumiga uchramoqda. Energetika va aloqa ob’ektlari, yo‘l va temir yo‘l infratuzilmasi zarba ostida qoldi. Bundan tashqari, Rossiya ilk bor Kiyevning ikki qismini bog‘lab turuvchi Dnepr orqali o‘tgan ko‘priklarga zarba bermoqda. Kecha, 3 oktyabr kuni Rossiya TIV bayonot e’lon qilib, unda Rossiya tomoni may oyidayoq “Kiyevda bo‘lib turgan xorij fuqarolari va diplomatlarini shaharni tark etishga, Ukrainaga safar qilishdan voz kechishga chaqirgani” aytilgan edi.

“Shuni ta’kidlaymizki, hamma ham ushbu ogohlantirishlarga quloq tutgani yo‘q va o‘z hayotlarini ongli ravishda o‘lim xavfi ostiga qo‘ymoqda. Kiyevda ko‘plab elchixonalar ishlamoqda, Ukrainaga tashrif bilan xorijiy rasmiy shaxslar kelmoqda. Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari ommaviy qasos zarbalarini berishni davom ettiradi”, deyiladi bayonotda.

FP-9 raketasi

Zelenskiy “Reuters”ga bergan intervyusida, shuningdek, Ukrainaning Fire Point kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan uzoq masofaga mo‘ljallangan FP-9 ballistik raketasi shu kuzdayoq tayyor bo‘lishini ma’lum qildi. Ishlab chiqaruvchi raketaning uchish masofasi 855 kmgacha, jangovar qismining og‘irligi esa 800 kggacha ekanini bildirmoqda. Shu tariqa, FP-9 Moskvagacha yetib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina mahalliy ishlab chiqilgan FP-7 taktik ballistik raketasini ilk bor jangovor sharoitda qo‘llagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing