Rossiyalik qo‘mondonning tug‘ilgan kunida bomba portladi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Kecha, 1 avgust kuni Moskvaning Kudrinskaya maydonida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqdagi ma’lumotni Moskva bo‘yicha IIV Bosh boshqarmasi tasdiqladi. 

“Baza”ning aniqlik kiritishicha, portlash Stalin davriga oid baland qavatli binoning birinchi qavatida joylashgan “Balzi Rossi” restoranida yuz bergan. Restoran kecha, 1 avgust kuni tadbir uchun yopilgan bo‘lgan. “112” Telegram-kanali bu tadbir “50 kishilik to‘y” bo‘lganini yozmoqda. “Astra” esa voqea guvohiga tayanib, restoranda “generalning tug‘ilgan kuni” nishonlanganini xabar qildi.

Portlashning dastlabki sabablari sifatida restoran oshxonasidagi gaz uskunasining portlashi aytilgan edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Milliy antiterror qo‘mitasi restoran kirish qismida ayol kishi ichkariga olib kirishga uringan qo‘lbola bomba harakatga kelganini ma’lum qildi. Uni qo‘riqchi ichkariga kiritmagan. Ularning ikkalasi va yana bir mehmon halok bo‘lgan. 21 kishi jarohat olgan.

“Kommersant’” ma’lumotlariga ko‘ra, portlash “qattiq qo‘riqlanadigan” xususiy bazm paytida sodir bo‘lgan. Metall sharchalar bilan to‘ldirilgan bomba masofadan turib portlatilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, ayol katta ehtimol bilan quti ichida nima borligini bilmagan. U sovg‘a olib kelganini aytgan. Holat bo‘yicha “Terrochilik harakati” (Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi) moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Teraktning nishoni, ehtimol, Rossiya Kosmik-harbiy kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Chayko bo‘lgan. Ukrain blogeri Anatoliy Shariy e’lon qilgan restorandan olingan videoda kadr ortida ayol kishi “tayyorgarlik avjida, Aleksandr bugun 55 yoshga to‘lmoqda”, deydi. 27 iyul kuni Aleksandr Chayko 55 yoshni qarshi olgan edi.

U 2026 yilning may oyida Kosmik-harbiy kuchlar bosh qo‘mondoni bo‘lgan. Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshida Chayko Buchadagi harbiy jinoyatlarga aloqador bo‘lgan Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan.

“VCHK-OGPU” Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, bayramga FXX yuqori lavozimli xodimlari, Mudofaa vazirligi generallari, deputatlar va mulozimlar borgan. Chaykoning o‘zi tug‘ilgan kunini va yangi lavozimga tayinlanganini birgalikda nishonlamoqchi bo‘lgan.

Politsiya portlash sodir bo‘lgan bino atrofidagi maydonni o‘rab olgan. Moskva Transport departamenti keyinroq oqshomda boshlanishi va Sadovoye kolso bo‘ylab o‘tishi kerak bo‘lgan Tungi velofestival “kutilmagan holat sababli” boshqa sanaga qoldirilganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 iyun kuni erta tongda Moskva viloyatining Balashixa shahrida yuz bergan portlash oqibatida general-leytenant Damir Davidov halok bo‘ldi. U Rossiya Mudofaa vazirligida frontga raketa va artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berish uchun javobgar ofitser bo‘lgan. Bu esa “Aviatorlar” mavzesida sodir bo‘lgan ikkinchi shunday hodisadir. 2025 yilning aprel oyida xuddi shu hududdagi portlash oqibatida Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari general-leytenant Yaroslav Moskalik halok bo‘lgan edi. 9 iyundagi portlash joyi Moskalikning avtomobili portlatilgan uydan taxminan 350 metr uzoqlikda joylashgan.

Umuman olganda shu paytgacha 2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri kamida 19 nafar rossiyalik general halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing