Moskvada ikki maxfiy agent qo‘lga olindi

Olam

image

Rossiya poytaxti Moskva shahrida Moldova maxsus xizmatining ikki nafar agenti qo‘lga olindi. Bu haqda bugun, 25 iyun kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, josuslar Moldova Axborot va xavfsizlik xizmatining Rossiyaga qarshi qaratilgan “muhim vazifani” bajarishi kerak bo‘lgan. Lekin aynan qanday vazifa ekanligi ochiqlanmagan.

Ma’lum qilinishicha, ular Rossiya hududiga soxta shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar bilan kirib kelgan. FXX gumonlanuvchilardan aybiga iqrorlik olingani, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilganini bildirgan.

“Biz 2024 yil iyun oyida Axborot va xavfsizlik xizmati Tashqi razvedka bosh boshqarmasi xodimi tomonidan ishga qabul qilindik. Moldova Respublikasi razvedkasi uchun muhim vazifani bajarish maqsadida Moskva shahriga uchishimiz kerakligi aytildi”, deydi qo‘lga olingan Moldova fuqarosi.

Qo‘lga olinganlarning ikkinchisi esa 2023 yildan buyon Moldova razvedkasi uchun ishlab kelishini ma’lum qilgan.

Xabarda, shuningdek, mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 275-moddasi 1-qismi (xorijiy davlat, xalqaro yoki xorijiy tashkilot bilan maxfiy hamkorlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, agentlar sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi aytiladi.

Qayd etish joiz, joriy yilning aprelida FXX Moldova Respublikasining Rossiyadagi vakolatxonasi xodimi Kirill Budanovni “diplomat niqobi ostidagi agent”likda ayblab, mamlakatdan chiqarib yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvarida Rossiya Adliya vazirligi BBC rus xizmatining ikki jurnalistini “xorijiy agentlar” ro‘yxatiga kiritgandi.

Shuningdek, 2022 yil sentyabr oyida Adliya vazirligi rossiyalik taniqli teleboshlovchi va so‘z ustasi Maksim Galkinni Ukraina uning siyosiy faoliyatiga homiylik qilmoqda, degan ayblov bilan “xorijiy agentlar” ro‘yxatiga kiritgan. O‘sha yili Galkin, uning rafiqasi, xonanda Alla Pugachyova va ularning bolalari Isroilga ko‘chib ketgan edi.

Dilshod Hakimov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Moskva Moldova maxfiy agent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing