Moskvada general Kuznetsovga pora berishda ayblangan tadbirkor hibsga olindi

Olam

image

Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligining Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Yuriy Kuznetsov hibsga olingani xabar qilingandi. U katta miqdorda pora olishda ayblanmoqda. Mazkur ish doirasida ikkinchi ayblanuvchi qo‘lga olindi. Bu haqda “Interfaks” agentligi xabar berdi.

Moskvadagi jinoyat ishlari bo‘yicha Basmanniy tuman sudi yakka tartibdagi tadbirkor Leva Martirosyanni hibsga olishga ruxsat bergan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tergov 52 yoshli Martirosyanni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 291-moddasi (ayniqsa katta miqdorda pora berish) 5-qismida ayblamoqda. Sud unga nisbatan 1 oy 28 kun muddatga, ya’ni 2024 yil 12 iyulga qadar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlagan.

“55 yoshli general-leytenant Yuriy Kuznetsov 13 may kuni qo‘lga olingan. Kuznetsovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, unga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 290-moddasi bo‘yicha 15 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin”, deydi Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tintuv paytida Kuznetsovdan 100 million rubl, oltin tangalar va hashamatli buyumlar topilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Moskvaning Basmanniy sudi katta miqdorda pora olganlikda ayblanib hibsga olingan Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovni 23 iyunga qadar tergov izolyatoriga jo‘natgan edi. Xuddi shu kuni Ivanov lavozimidan chetlatildi. Bir kundan keyin sud Ivanov va uning qarindoshlarining ko‘chmas mulki, aktivlari va bank hisob raqamlarini hibsga oldi. Xuddi shu ish yuzasidan yana ikki nafar ayblanuvchi qamoqqa olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Yuriy Kuznetsov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing