Moskvada Afg‘oniston bo‘yicha yangi takliflar muhokama qilindi
Olam
−
08 fevral 2023
5870Bugun, 8 fevral kuni Moskvada afg‘on muammosiga bag‘ishlangan xavfsizlik vakillarining beshinchi ko‘p tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish ishtirokchilari Afg‘oniston atrofidagi vaziyat bo‘yicha bir qator qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlarni taklif qildi. Bu haqda Moskvada bo‘lib o‘tgan tadbir yakunlari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi apparati ma’lum qildi.
Uchrashuvda Rossiya tomonidan Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ishtirok etgan. Tadbirda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etdi.
“Yig‘ilishda terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida birgalikdagi harakatlarni shakllantirishga qaratilgan qator qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlar, shuningdek, terrorizmni moliyalashtirish kanallarini jilovlash, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy qurol va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni faollashtirish, noqonuniy migratsiyaning oldini olish taklif etildi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, yig‘ilishda hozirgi Qobul hukumati tomonidan terrorizm va ekstremizm, narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashish, shuningdek, etnik-siyosiy muvozanatli hukumatni shakllantirish va inson huquqlarini hurmat qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishi muhimligi qayd etilgan.
“Tomonlar har yili afg‘on masalalari bo‘yicha xavfsizlik kengashlari kotiblarining ko‘p tomonlama maslahatlashuvlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar”, deb ta’kidladi Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 fevral kuni “Tolibon” vakillari Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘lidan foydalanishni qayta tiklash masalasini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga keldi.
LiveBarchasi