Moskvada 2 qozog‘istonlikning o‘ldirilishi Rossiya bilan munosabatlarga ta’sir qilmaydi – Ostona
Olam
−
12 mart 2024 9007 1 daqiqa
Avvalroq, Moskvada ikki qozog‘istonlik terakt uyushtirishga uringani, ammo ular Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan yo‘q qilingani haqida xabar berilgandi. Ularning halok bo‘lishi Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston munosabatlariga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov ma’lum qildi.
"Yo‘q, bu ta’sir qilmaydi," degan u muxbirning tegishli savoliga javob berib.
O‘tgan hafta Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Rossiyada terakt tayyorlashda gumon qilingan respublikaning ikki fuqarosining o‘limi yuzasidan tergovni boshlagan.
“Ommaviy axborot vositalarida Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan Rossiya Federatsiyasi hududida terakt uyushtirishga urinish chog‘ida Qozog‘istonning ikki fuqarosi yo‘q qilingani haqidagi ma’lumotlar chop etildi. Bu shaxslarning Qozog‘iston fuqarosi ekani va Rossiyaga chiqib ketgani tasdiqlandi”, deyiladi Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xabarida.
Shuningdek, qo‘mita tekshiruv mavjud hamkorlik kanallari doirasida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan yaqin aloqada amalga oshirilayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, otishma 7 mart kuni ertalab Koryakovo qishlog‘ida sodir bo‘lgandi. Teraktni rejalashtirishda gumon qilingan ikki shaxs – Qozog‘iston fuqarolari 35 yoshli Sobit Ashiraliyev va 32 yoshli Janibek Taskulayev yo‘q qilingan. Ular “Viloyati Xuroson” guruhi a’zolari bo‘lgan.
Live
Barchasi