Moskva “Tolibon” diplomatiga akkreditatsiya berdi
Olam
−
31 mart 2022
11774Moskva o‘tgan oy “Tolibon” hukumatidan Rossiyaga kelgan birinchi afg‘on diplomatiga akkreditatsiya berdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.
“O‘tgan oy Moskvaga kelgan va yangi hokimiyat tomonidan yuborilgan birinchi afg‘on diplomati vazirligimizda akkreditatsiya olganini ta’kidlamoqchiman”, degan Lavrov Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar konferensiyasida so‘zlagan nutqida.
Uning ta’kidlashicha, “boshqaruv tajribasi yo‘qligi, moliyaviy-iqtisodiy cheklovlar hamda AQSH va uning ittifoqchilarining harbiy-siyosiy bosimiga qaramay, Afg‘onistonning yangi ma’muriyati umuman olganda davlatni barqaror ushlab turishning uddasidan chiqmoqda”.
“Terrorizmga qarshi kurash sohasida ma’lum ijobiy natijalar bor. Inson huquqlarini hurmat qilish sohasida sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Qobul diplomatik va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha faol ishlamoqda. Biz, birinchi navbatda, biznes tuzilmalari Afg‘onistonga qiziqish bildirayotgan mintaqa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilganini qayd etamiz. Bu aloqalarning barchasi, albatta, yangi afg‘on hokimiyatining xalqaro tan olinishiga xizmat qiladi”, degan vazir.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH o‘z qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqish qarorini e’lon qilganidan so‘ng, “Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 2021 yil 15 avgustda “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa respublikani tark etdi. 6 sentyabr kuni “Tolibon” butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.
LiveBarchasi