Morgenshternga yana bir davlatga kirish taqiqlandi

Madaniyat-san’at

image

Litva hukumati 27 yoshli rossiyalik reper Alisher Morgenshternga mamlakatga 10 yil davomida kirishni taqiqladi. U 29 noyabr kuni Vilnyusda konsert bermoqchi edi. Bu haqda bugun, 13 noyabr kuni mamlakat Migratsiya departamenti vakili Rokas Pukinskasga tayanib, BNS agentligi xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Litva Tashqi ishlar vazirligining yozma tavsiyasi va “bu shaxs milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin” degan xulosaga olib kelgan qo‘shimcha ma’lumotlar asosida qabul qilingan.

“A. Morgenshternga Litvaga kirishni taqiqlash qarori darhol kuchga kiradi va 10 yil davom etadi”, dedi Pukinskas. 

Shu bilan birga, Vilnyusdagi konsert uchun chiptalar hali ham sotilmoqda. BNS ma’lumoticha, Vilnyus meri Valdas Benkunskas ham Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilib, Morgenshtern konsertini tashkil etayotgan Latviyada ro‘yxatdan o‘tgan Ready Events kompaniyasi faoliyati mamlakat axborot xavfsizligiga tahdid solmasligini tekshirishni so‘ragan.

Benkunskas oktyabr oxirida Facebook sahifasida shunday yozgan edi:

“Men qo‘l qovushtirib o‘tira olmayman va Vilnyusga uchinchi marta (Morgenshtern 2023 yil mart va 2024 yil dekabrda bu yerda konsert bergan) shunday ijrochi kelayotganini kuzata olmayman. U ‘Qrim kimniki?’ degan savolga javob berolmaydi, Putinni ochiq hurmat qiladi va Ukraina Madaniyat vazirligi tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan”.

Rossiyalik reper 2020–2021 yillarda katta mashhurlikka erishgan — u “Legendarnaya pil” albomini chiqargan va amerikalik reper Lil Pump bilan Watafuk?! kabi qo‘shiqlarni yozgan. U intervyularida siyosiy mavzulardan qochishga harakat qilgan. Masalan, 2021 yil avgustda ukrain jurnalisti Dmitriy Gordon bilan suhbatda “Qrim kimniki?” degan savolga “Qrim — qrimliklarning” deb javob bergan. 

“Biz ta’sir qila olmaydigan o‘tmish haqida bahslashishning hojati yo‘q”, degan u.

2021 yil noyabrida Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin Morgenshternni “ijtimoiy tarmoqlarda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanishda” ayblagan. Shu ortidan reper Rossiyani tark etib, Dubayga ko‘chgan. 2024 yil yanvarda u BAA hukumati unga mamlakatga kirishni taqiqlaganini ma’lum qilgan, ammo buning sabablari ochiqlanmagan.

2022 yil 14 mart kuni – Ukrainadagi urush boshlanganidan bir necha hafta o‘tib —–Morgenshtern “12” nomli qo‘shiq va klip chiqargan, unda ukrain jurnalisti Gordonning rus harbiylariga qaratilgan haqoratli so‘zlari ham keltirilgan. 2022 yil may oyida Rossiya Adliya vazirligi uni “fuqarolik jamiyatiga chet el ta’siri bo‘lgan shaxs” (inoagent) deb e’lon qilgan. Keyinchalik u bir necha bor tegishli belgi qo‘ymagani uchun jarimaga tortilgan. 2024 yil sentyabrida Morgenshternga nisbatan “inoagent majburiyatlarini bajarmaslik” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u qidiruvga berilgan. 2025 yil yanvarda esa Rossiyada uning mol-mulki musodara qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Litva Morgenshtern

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing