Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimlariga imtiyozli kreditlar ajratiladi
Jamiyat
−
21 may 2019
4692O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimlariga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Kredit EKIHning 3 000 baravari doirasida, muddati – kamida 15 yilga 5 yillik imtiyozli davr (faqat foizlar to‘lanadi) va 7 foiz stavka bilan beriladi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.
Sharti – xodimda monopoliyaga qarshi kurashish va davlat mulkini boshqarish organlarida kamida 5 yil ish staji mavjudligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi markaziy apparati yoki hududiy boshqarmalarida (Hukumatga, Prezident Administratsiyasiga, vazirliklar va idoralarning rahbarlik lavozimlariga ishga o‘tish bundan mustasno) kreditni olgandan so‘ng kamida 5 yil ishlashi.
Ipotekani yangi qurilgan ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar yoki namunaviy yakka tartibdagi uylarga rasmiylashtirish mumkin. Bunda kredit summasi sotib olinadigan turar joy qiymatining 85 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas, ya’ni qarz oluvchi kamida 15 foiz miqdorida o‘z mablag‘iga ega bo‘lishi kerak. Bu mablag‘lar uning nomiga milliy valyutada ochilgan jamg‘arma hisob raqamida bo‘lishi kerak.
Xodim ipoteka to‘g‘risidagi shartnomani notarial tasdiqlash uchun davlat bojini, garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni sug‘urtalash bilan bog‘liq xarajatlarni, baholovchi tashkilotning xizmatiga haqni mustaqil ravishda to‘laydi.
Davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lmagan banklarga kredit berish uchun mablag‘lar Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasidan yillik 3 foiz ostida ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, Jamg‘armani tashkil etish, uni shakllantirish manbalari va xarajatlar moddalari haqida biz ilgari yozgan edik. Banklar kreditlar qarzdor xodimlar tomonidan qaytarilganidan qat’i nazar olingan resurslarning asosiy summasini so‘ndirishi kerak.
LiveBarchasi