Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “O‘zeltexsanoat”ga imtiyozlar berilishiga qarshi chiqdi
Jamiyat
−
31 yanvar 2021
5747O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrotexnika sanoatini tubdan isloh qilish, hududlarda rivojlantirish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun qo‘yildi.
Loyihada “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga ko‘plab imtiyozlar berilishi belgilangan. 4 ta viloyatda quriladigan texnoparklar loyihasi tashabbuskorlarini tanlash, Respublikadagi barcha yirik elektrotexnika korxonalarida savdo do‘konlarini ochish, a’zolarining huquq-manfaatlarini himoya qilish uchun sudga davo qilganda davlat bojidan ozod qilinish va boshqa imtiyozlar shular jumlasidan. MQKQ ushbu imtiyozlarga qarshi chiqmoqda.
Qaror loyihasining 7-bandida Farg‘ona, Andijon, Xorazm va Toshkent viloyatlarida “Elektronika-Texnoparklari”ni quruvchi tashabbukorlarni “O‘zeltexsanoat” uyushmasi aniqlashi va bino-inshootlar loyiha tashabbuskorlarga keyinchalik tasarrufiga o‘tkazish sharti bilan 7 yil muddatga (1 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda) yillik stavkasi 18 foizdan oshmagan miqdorda kreditga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Qo‘mita texnoparklarga ajratilgan yerlar auksionga qo‘yilishi zarurligi va ushbu bandni qayta ko‘rib chiqishni taklif etgan. Bu taklif amaldagi qonunchilikka asosan “texnopark” alohida maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan hudud emasligi bilan izohlangan.
Shuningdek, qo‘mita 7-bandning Markaziy bank tomonidan loyiha tashabbuskorlariga foizli xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya ajratilishiga qarshi chiqqan.
Bundan tashqari, loyihaning 8-bandida elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan korxonalarga chegaradosh hududlardan bino-inshoot, yer maydonlarini 1 so‘m qiymatida ajratish mexanizmini ishlab chiqish nazarda tutilgan. MQKQ bu bandni ham raqobat muhitiga salbiy ta’sir qiladi deb hisoblab, chiqarib tashlashni taklif etgan.
Shuningdek, qaror loyihasida “O‘zeltexsanoat”ga respublikadagi barcha yirik elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalariga ajratilgan bino-inshootda savdo do‘konlari va shou-rumlar ochish imkoniyati berilishi nazarda tutilgan 16-bandni chiqarib tashlash lozimligi ta’kidlangan.
Loyihadagi “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga a’zo korxonalar o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilishda davlat boji to‘lashdan ozod etilishi bandi qo‘mita tomonidan rad etildi.
"Qaror loyihasini ushbu tahrirda qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas hisoblanadi", deyilgan qo‘mita xulosasida.
LiveBarchasi