Monakodagi portlash ortida Ukraina Xavfsizlik xizmati bo‘lishi mumkin – OAV
Olam
−
01 iyul 4550 2 daqiqa
Avvalroq, Monakodagi turarjoy binolaridan birining kirish qismida sodir bo‘lgan portlash oqibatida ukrainalik oligarx Vadim Yermolayev va uning yaqinlari jabrlangani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat bo‘yicha tergovchilar hujum ortida Ukraina Xavfsizlik xizmati turishi mumkinligi haqidagi ehtimolni ham ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda RBK xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tergovchilar hujum oldindan rejalashtirilgan qotillikdan ko‘ra ko‘proq ogohlantirish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin degan taxminni ilgari surmoqda.
Portlash joriy yilning 29 iyun kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Bomba turarjoy binosining kirish qismida odamlar ichkariga kirayotgan paytda portlagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida uch kishi – 50-60 yoshdagi erkak va ayol hamda ular bilan birga bo‘lgan 13 yoshli o‘smir jarohat olgan. Monako hukumati ularning shaxsini oshkor qilmagan.
OAV xabarlariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida Yermolayev va uning yaqinlari ham bo‘lgan. Tadbirkorning rafiqasi Anna Yermolayeva voqea vaqtida hodisa joyida bo‘lmagani sababli jarohat olmaganini ma’lum qilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bomba solingan sumkani hozircha shaxsi aniqlanmagan erkak qoldirib ketgan. Gumonlanuvchi voqea joyidan qochib, Bosoley tomonga yashiringani taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Monako rasmiylari bilan doimiy aloqada ekanini, voqea joyida ukrainalik diplomatlar ish olib borayotganini ma’lum qilgan. Idora xabariga ko‘ra, rasmiy kanallar orqali jabrlanganlarning shaxsi aniqlashtirilmoqda hamda ularning Ukraina fuqaroligiga egaligi tekshirilmoqda.
Monako prokuraturasi hodisani terrorchilik harakati sifatida baholamayotganini bildirdi. Hozirda qasddan odam o‘ldirishga suiqasd hamda portlovchi qurilmadan foydalanish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yermolayev 2023 yil dekabr oyidan buyon Kiyev tomonidan joriy etilgan sanksiyalar ostida bo‘lib kelmoqda. Ukraina tomoni bunga uning Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimdagi alkogol biznesi faoliyatini sabab qilib ko‘rsatgan.
Live
Barchasi