Moliyaviy hisobot bo‘yicha Prezident qarori imzolandi

Jamiyat

image
Moliya vazirligiga qator funksiyalar yuklatildi north_east

Moliya vazirligiga qator funksiyalar yuklatildi

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Prezident qarori imzolandi  

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (keyingi o‘rinlarda – MHXS) o‘tishni jadallashtirish orqali xorijiy investorlarni zarur axborot muhiti bilan ta’minlash va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, hisob va audit sohalari mutaxassislarini xalqaro standartlar bo‘yicha tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:

1. Belgilansinki, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari va yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar:
2021 yil 1 yanvardan boshlab, MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi va 2021 yil yakunlaridan boshlab moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlaydi, qonun hujjatlarida MHXSga o‘tishning ertaroq muddatlari nazarda tutilgan yuridik shaxslar bundan mustasno;

2021 yil yakuniga qadar buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risida hujjatga yoxud “Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)”, “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ASSA)”, “Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (SRA)” va “Xalqaro moliyaviy hisobot bo‘yicha diplom (DipIFR)” sertifikatlaridan (keyingi o‘rinlarda – xalqaro buxgalter sertifikati) biriga ega kamida uch nafar mutaxassis miqdorida MHXSni sifatli qo‘llash uchun yetarli bo‘lgan buxgalteriya xizmati xodimlari bilan ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020 yildan boshlab, ushbu bandda ko‘rsatilmagan davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat korxonalarining MHXS asosida buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tayyorlashga o‘tish jadvali har yili tasdiqlanishi va 1 iyunga qadar rasmiy veb-saytida e’lon qilinishini ta’minlasin.

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq moliyaviy hisobotni ixtiyoriy ravishda MHXSga muvofiq tayyorlaydigan tadbirkorlik sub’ektlari buxgalteriya hisobining milliy standartlari bo‘yicha moliyaviy hisobot taqdim etishdan ozod etiladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi MHXSni joriy etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilansin va unga quyidagi funksiyalar yuklansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda MHXSning joriy etilishini, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan moliyaviy hisobotlar MHXS asosida o‘z vaqtida e’lon qilinishini monitoring qilish;

MHXS sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha jahonning muvaffaqiyatli tajribalarini ommalashtirish, shu jumladan, buxgalteriya hisobi va audit sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarini (keyingi o‘rinlarda – akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari) hamda sohaga oid oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotlar (Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (Association of Chartered Certified Accountants – ASSA) va boshqalar) bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish;

rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasi asosida o‘quv jarayonining sifatini, imtihonlarni o‘tkazish va natijalarini baholashning shaffofligini ta’minlovchi MHXS bo‘yicha sertifikatlashning samarali tizimini joriy etish, shuningdek, MHXS sohasida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida o‘qitish bo‘yicha tashkiliy tadbirlarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish;

buxgalteriya hisobining milliy standartlarini MHXSga muvofiq uyg‘unlashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi tuzilmasida vazirlikning boshqaruv xodimlari cheklangan soni doirasida uchta shtat birligidan iborat moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy etishni muvofiqlashtirish va e’lon qilinadigan moliyaviy hisobotlar sifatining tashqi nazorati bo‘limi tashkil etilsin.

4. Ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini va mazkur sohada kadrlar tayyorlashning zamonaviy usullarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

a) buxgalterlar va auditorlar respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda, buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda, Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni kiritsin:

2020 yil 1 iyunga qadar Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari va ularga tushuntirishlar matnini tan olish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
2021 yil 31 yanvarga qadar MHXSni joriy etishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda va MHXS bo‘yicha mavjud kadrlar salohiyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra tayyorlangan buxgalterlarni sertifikatlash milliy tizimini joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahliliy ma’lumotnoma;

b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va boshqa manfaatdor davlat organlari xodimlarini (keyingi o‘rinlarda – davlat organlarining xodimlari) akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida MHXS bo‘yicha o‘qitish jadvali har yili tasdiqlanishini ta’minlasin;

v) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda:

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Farg‘ona politexnika institutining (keyingi o‘rinlarda – tajriba-sinov oliy ta’lim muassasalari) “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha pedagog xodimlarini akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida MHXS bo‘yicha tezlashtirilgan tarzda o‘qitish jadvalini tasdiqlasin;

2020 yil 31 dekabrga qadar buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish natijalari asosida “Buxgalteriya hisobi va audit” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qitishning kunduzgi shakli muddatini qisqartirish imkoniyati to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

2020 yil 1 avgustga qadar bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisligidagi “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha MHXSni chuqur o‘rganishni nazarda tutuvchi yangilangan o‘quv dasturlarini tasdiqlasin va belgilangan tartibda ta’lim jarayoniga joriy etsin;
2020 yildan boshlab tajriba-sinov oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va keyinchalik mazkur tajriba-sinov loyihasini bosqichma-bosqich respublikadagi sohaga oid boshqa oliy ta’lim muassasalarida joriy etish choralarini ko‘rsin;

2021 yil 1 yanvarga qadar “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha pedagog kadrlarning akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida MHXS bo‘yicha o‘qitilishini ta’minlasin, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida tahsil olgan pedagog kadrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini rasmiy veb-saytida e’lon qilsin va doimiy ravishda ularni yangilab borsin.

7. Belgilansinki:

2021 yildan boshlab, MHXS va auditning xalqaro standartlari (keyingi o‘rinlarda – AXS) bo‘yicha o‘qitish faqat buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotning akkreditatsiyasidan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari litsenziyalanadigan faoliyat turlarini amalga oshirish bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilgan talablarga rioya qilish sharti bilan, tegishli litsenziya olmasdan MHXS va AXS bo‘yicha o‘qitish va malaka oshirish yuzasidan litsenziyalangan faoliyat turlarini amalga oshirish huquqiga egadir;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov oliy ta’lim muassasalarida buxgalteriya hisobi va audit bo‘yicha fanlar faqat xalqaro sertifikatlash doirasida “MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot” yoki “AXS bo‘yicha audit” fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risida hujjatga yoxud xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar tomonidan o‘qitiladi;

xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlar oliy ta’lim muassasalari magistraturasining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” mutaxassisliklariga kirish imtihonlarini topshirmasdan to‘lov-kontrakt asosida kirish huquqiga ega.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar soliq hisoboti shaklini qayta ko‘rib chiqsin va uning MHXS bo‘yicha tayyorlangan moliyaviy hisobotga moslashtirilgan shaklini ishlab chiqsin.

9. Belgilansinki, 2020-2025 yillar davomida akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlarida MHXS bo‘yicha o‘qitish, malaka oshirish, interfaol usullarni qo‘llagan holda o‘qitish, shuningdek, buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida O‘zbekiston Respublikasida dastlabki ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi va quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) oliy ta’lim muassasalarining buyurtmanomalariga asosan:

oliy ta’lim muassasalarining “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari bo‘yicha pedagog kadrlari imtihon topshirishi uchun birinchi marta – to‘liq hajmda, ikkinchi marta – imtihon topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tish summasining 50 foizi miqdorida qoplanadi;

oliy ta’lim muassasalarining talabalari va bitiruvchilari (o‘qishni tugatgandan so‘ng olti oy ichida) imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda, birinchi marta – to‘liq hajmda, ikkinchi marta – imtihon topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tish summasining 50 foizi miqdorida qoplanadi;

b) davlat organlarining buyurtmanomalariga asosan o‘z xodimlari imtihon topshirishi uchun birinchi marta – to‘liq hajmda, ikkinchi marta – imtihon topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tish summasining 50 foizi miqdorida qoplanadi.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

moliyaviy hisobotning yagona standartlarini ishlab chiqadigan va tasdiqlaydigan mustaqil xalqaro tashkilot hisoblangan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari fondi (keyingi o‘rinlarda – MHXS fondi) bilan bitim tuzsin;

2020 yilda MHXS va unga tushuntirishlar matnini davlat tiliga tarjima qilish, boshqa tillarda MHXSni qo‘llash bilan bog‘liq hamda MHXS fondi yillik badallar to‘lash xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti qo‘shimcha daromadlari hisobidan qoplasin, 2021 yildan boshlab esa zarur mablag‘lar ajratilishini O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetida nazarda tutsin;

ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3946-son qarorining 5-bandiga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

12. Mazkur qaror ijrosini tashkil qilishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov – mazkur qarorning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarilishini ta’minlasin, belgilangan tadbirlarni bajarishga mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali muvofiqlashtirsin, har chorakda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitsin hamda aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rsin;

O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri – MHXS joriy qilinishi monitoringini ta’minlasin, buxgalteriya hisobi milliy standartlarini MHXS bilan uyg‘unlashtirish, buxgalteriya hisobi sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va tajribali hamda yuqori malakali mutaxassislarni MHXSni joriy qilish jarayoniga jalb etish bo‘yicha choralar ko‘rsin;

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Majidov – ta’lim jarayonlariga MHXSni chuqur o‘qitishni muvaffaqiyatli va samarali joriy etish, pedagog kadrlarni MHXS bo‘yicha sertifikatlash va oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlarini akkreditatsiyalash yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rsin, shuningdek, mazkur qaror bilan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlasin;

mas’ul vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlari – mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirsin;

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Ko‘chimov va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.D.Xadjayev – mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, matbuot anjumanlari, mavzuga oid teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,
2020 yil 24 fevral


Maqola muallifi

Teglar

Qaror

Baholaganlar

15

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing