Mirziyoyev ta’limga oid yana bir qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Republikasi Prezidenti "Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, mustaqil fikrlaydigan, chuqur bilim va zamonaviy dunyoqarashga ega Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan barkamol yosh avlodni tarbiyalash hamda voyaga yetkazish uchun mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish, respublikamizda jadal sur’atlar bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va boshqa sohalardagi islohotlar ulg‘ayib kelayotgan o‘spirin iqtidorini yanada rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yurt ravnaqi yo‘lida ularning faol ishtirokini ta’minlashni bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilamoqda.

Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini yanada oshirish, o‘quvchi-yoshlarda yuksak ma’naviy fazilatlarni kamol toptirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yo‘naltirish orqali mustaqil hayotga tayyorlash, intellektual barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3931-son qaroriga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi

texnik ijodiyot, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya bo‘yicha “Barkamol avlod” respublika bolalar markazlari negizida Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabini;

“Barkamol avlod” tuman (shahar) bolalar markazlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar markazlari negizida “Barkamol avlod” bolalar maktablarini;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari huzuridagi axborot-resurs markazlari negizida “Bolalar kutubxonalari”ni;

2020-2023 yillarda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida tizimli ravishda bolalar turizmini rivojlantirish maqsadida “Barkamol avlod” bolalar maktablari huzurida 100-200 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazalari”ni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Belgilansinki:

“Bolalar kutubxonalari” umumta’lim muassasalari kutubxonalariga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish, o‘quvchilarning milliy va jahon bolalar badiiy adabiyotlari durdona asarlariga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, ularni kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni (“Yosh kitobxon”, “Kitobxon maktab”, “Eng yaxshi kutubxonachi” va boshqalar) tashkil etishga ko‘maklashish;

“Bolalar sayyohlik bazalari” “Barkamol avlod” bolalar maktablarining “yosh sayyoh”, “yosh ekskursovod”, “yosh o‘lkashunos” to‘garak a’zolari uchun o‘lkamiz tarixi, qadimiy va muqaddas qadamjolar, milliy urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va asrash, bolalar o‘rtasida ekologiya hamda sayohat qilish madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etiladi.

3. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalari etib belgilansin:

yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash, bunda ularning san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish hamda qizlarni ijtimoiy faol hayotga tayyorlashni tashkillashtirish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali bolalarni individual rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va uslubiy materiallarni doimiy takomillashtirib borish;

robototexnika, mexatronika, muhandislik va kompyuter dasturiy ta’minoti yo‘nalishlaridagi to‘garaklarni doimiy rivojlantirib borish;

bolalar va ta’lim turizmlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;

o‘quvchi-yoshlarning ijodiy ishlarini ommalashtirish, shu jumladan, dunyo bozoriga milliy an’analarimiz asosida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining to‘garak a’zolari tomonidan yaratilgan mahsulotlarni olib chiqish maqsadida “Art shop” elektron do‘konlarini tashkil etish va sotuvini yo‘lga qo‘yish;

maktabdan tashqari ta’lim muassasalariga o‘quvchilar qamrovini oshirish, o‘quvchilar qiziqishlariga ko‘ra to‘garaklarni tashkil etish va doimiy faoliyat olib borishini ta’minlash;

bolalarda kasbni egallash bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, tarmoq to‘garaklari faoliyatini metodik ta’minlash, kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun maktabdan tashqari ta’lim muassasalari faoliyatini zamonaviy ta’lim dasturlari orqali takomillashtirish;

yetakchi tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda “Barkamol avlod” bolalar maktablarida robototexnika va texnik ijodiyot yo‘nalishida foydalanadigan xomashyolar ro‘yxatini shakllantirish va yangilab borish;

bolalar texnik ijodkorligini rivojlantirish uchun xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari asosida “Barkamol avlod” bolalar maktablarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Bolalar texnoparki” loyihalarini tashkil etish;

“Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ning xalqaro hamda respublika tanlovlari g‘oliblarini munosib rag‘batlantirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish;

tizimda ilmiy va amaliy tajriba almashish ishlarini olib borish maqsadida xorijiy mamlakatlarda xodimlarning malaka oshirishi hamda maqsadli xizmat safarlarini tashkil etish;

bolalar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ko‘chma kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bolalar

va maktab kutubxonalarini badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish;

maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan bino va yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta’minlash uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maqsadli loyihalarni amalga oshirish.

4. Quyidagilar:

2019-2021 yillarda xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;

2020-2024 yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan “Barkamol avlod” bolalar maktablarining asosiy parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2020-2023 yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan “Bolalar kutubxonalari”ning asosiy parametrlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki:

“Barkamol avlod” bolalar maktablarida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab “STEAM  ta’lim” (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – muhandislik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi joriy etiladi;

eksperiment tariqasida har bir tumanda bitta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida muassasa moddiy-texnik bazasidan kelib chiqib hamda o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklari tashkil etiladi;

mazkur qarorning 4-bandida ko‘rsatilgan “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash, shuningdek, mazkur ob’ektlarni jihozlash ishlari O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

2020 yil 1 yanvardan boshlab “Barkamol avlod” bolalar maktablarini maxsus asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida “Ta’lim” sohasi uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida va “Barkamol avlod” bolalar maktablarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

200 o‘quvchiga mo‘ljallangan “Barkamol avlod” bolalar maktablari,

100-200 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazalari”, 100 o‘quvchiga mo‘ljallangan “Bolalar kutubxonalari”ni yangidan qurish ishlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Qurilish vazirligi bilan kelishilgan yakka tartibda tasdiqlangan loyihalarga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan tartibda qurilish-montaj ishlarini bajarishda shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatiladi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qurilish manzilli dasturini shakllantirishda “Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar sayyohlik bazalari”, “Bolalar kutubxonalari”ning aniq soni va ro‘yxatini ko‘rsatgan holda, ularning yangilarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash, zarur xomashyo va inventarlar bilan jihozlash uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan manzilli dasturlarni shakllantirishda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi joylashgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish orqali 200 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazasi” qurilishi hamda zarur xomashyo va inventarlar bilan jihozlash bo‘yicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq zarur bo‘lgan kapital qo‘yilma limitlari ajratilishini nazarda tutsin.

7. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019-2024 yillarda Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

“Barkamol avlod” bolalar maktablarini 2024 yilga qadar 50 foiz

oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan to‘ldirish (jami to‘garak rahbarlari soniga nisbatan);

o‘quvchilarni “Barkamol avlod” bolalar maktablariga qamrab olish darajasini 10,5 foizga yetkazish (umumta’lim maktablaridagi o‘quvchilar soniga nisbatan);

“Barkamol avlod” bolalar maktablarida 2024 yilga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida robototexnika va muhandislik to‘garaklari ulushini 10 foizga yetkazish (jami to‘garaklar soniga nisbatan);

“Bolalar kutubxonalari” va maktab kutubxonalari uchun milliy va jahon adabiyoti durdonalariga kiruvchi asarlarning audiokitob shaklini yaratish;

barcha “Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar kutubxonalari” va maktab kutubxonalarini keng polosali Internet tarmog‘iga ulash.

8. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:

ikki oy muddatda “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari” to‘g‘risidagi namunaviy nizomlar hamda ularning tuzilmalarini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi va “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Barkamol avlod” bolalar maktabi va “Bolalar kutubxonalari”ni namunaviy jihozlash me’yorini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

2020 yil 1 yanvardan boshlab “Barkamol avlod” bolalar maktablarida robototexnika, mexatronika, muhandislik, dasturlash va xorijiy tillarni o‘rganish to‘garaklarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etish choralarini ko‘rsin;

2020 yil 1 sentyabrga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi misolida “Barkamol avlod” bolalar maktablari binolariga (shu jumladan ko‘rinishiga) hamda ularning o‘quv-uslubiy va ta’lim jarayoniga bo‘lgan talablarni o‘z ichiga olgan konsepsiyani ishlab chiqsin va joriy etsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasalari xodimlari va to‘garak rahbarlarini tegishli mutaxassislik yo‘nalishida malaka oshirish tizimini joriy etish maqsadida 2020 yil 1 yanvardan boshlab A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Maktabdan tashqari ta’lim tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasi (keyingi o‘rinlarda – Kafedra) tashkil etilsin.

Zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida, shu jumladan, masofaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan to‘garaklar yo‘nalishlari bo‘yicha xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasalari xodimlarini malaka oshirishning va qayta tayyorlashning amaldagi normalariga muvofiq qayta tayyorlash va malakasini oshirish Kafedraning asosiy vazifasi etib belgilansin.

10. Belgilab qo‘yilsinki:

Kafedra faoliyatini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi;

Kafedra Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Ahmad Donish ko‘chasi, 72-A uy manziliga bepul joylashtiriladi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini 2020 yil 1 yanvardan:

direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun 1,55 baravarga;

to‘garak rahbari uchun 1,5 baravarga oshirish;

instruktor-uslubchilar va uslubchilar mehnatiga haq to‘lash tartibini bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshirish va ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini to‘garak rahbarlari bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

“Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin;

umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklarini tashkil etish uchun zarur mablag‘lar manbasi yuzasidan taklif kiritsin.

13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

“Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar sayyohlik bazalari” va “Bolalar kutubxonalari”ni yangidan qurish uchun maydonlarni tanlashda tasdiqlangan me’yor va parametrlarga muvofiq, qoida tariqasida, tuman va shaharlarning markazida, turar joy massivlarida joylashtirilishini hisobga olsin;

2020-2022 yillarda bolalar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida ko‘chma kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Toshkent shahar hokimligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ular uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha sherik sarmoyadorlar va tadbirkorlarni jalb qilgan holda ta’lim laboratoriyasi, robot dunyosi va turli ijodkorlik yo‘nalishlarini qamrab olgan “Kids makon” biznes loyihasini amalga oshirish choralarini ko‘rsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi robototexnika va texnik ijodiyot, badiiy ijodiyot hamda ekologiya va turizm yo‘nalishlari bo‘yicha “Barkamol avlod” bolalar maktablarining kasbiy yo‘nalishlariga oid faoliyatini o‘quv-metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlashda amaliy yordam ko‘rsatsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, shu jumladan, xomashyolar xarid qilish uchun imtiyozli shartlar asosidagi xorijiy kreditlar va grantlarni jalb etish borasidagi ishlarni faollashtirsin.

17. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimovga – ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan samarali amalga oshirilishini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X.Shermatovga – xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish, Kafedra faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, sohaga zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy qilish, shu jumladan, yangi to‘garaklarni tashkil qilish, “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari”ni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash, mazkur maktablarni jihozlash ishlari o‘z muddatlarida amalga oshirilishini ta’minlash va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini keng joriy qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Sakkokiy ko‘chasi, 3 a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabini joylashtirish uchun Xalq ta’limi vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida beg‘araz o‘tkazib berilsin.

19. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 sentyabrdagi PQ-3953-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati quyidagi mazmundagi 301-band bilan to‘ldirilsin:

“301. Xalq ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun o‘quvchilarning muhandislik, robototexnika, mexatronika va dasturiy ta’minot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarda foydalanish hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish yuzasidan respublikada ishlab chiqarilmaydigan, xorijdan olib kelinadigan xomashyolar va jihozlar”.

21. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

                 Prezidenti   Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2019 yil 30 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qaror xalq ta'limi

Baholaganlar

110

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing