Moldovaning MDHdan chiqish sanasi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Moldova Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Mixay Popshoy mamlakat 2027 yil 8 aprelda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tarkibidan rasman chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda “Moldpres” xabar berdi.

Popshoyning tushuntirishicha, tashkilotning Minskdagi kotibiyatiga rasmiy bildirishnoma yuborilgan va xalqaro huquq normalariga ko‘ra, ushbu hujjat topshirilgandan keyin 12 oy o‘tgach, ya’ni kelasi yilning 8 aprelida Moldovaning a’zoligi yuridik jihatdan to‘xtaydi.

“Biz ushbu bildirishnoma qabul qilinganligi haqida tasdiqnoma oldik. Shunday qilib, yuridik nuqtai nazardan, 12 oylik muddat tugagach, kelasi yilning 8 aprelidan boshlab biz MDH tarkibiga kirmaymiz. Ammo amaliy jihatdan biz allaqachon tashkilot tarkibida emasmiz, chunki ko‘p yillardan beri Moldova manfaatlariga javob bermaydigan siyosiy va boshqa tadbirlarda ishtirok etmayapmiz”, deydi vazir.

Shu bilan birga, Moldova Bosh vaziri o‘rinbosari mamlakat qator iqtisodiy kelishuvlarda ishtirokchi bo‘lib qolishini ta’kidlagan.

“Bu borada Gruziya tajribasi namuna bo‘la oladi. Ular ham biz kabi asosiy shartnomalarni bekor qilishgan, lekin iqtisodiy kelishuvlarda qolishgan. Biz ham xuddi shunday yo‘l tutamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Mixay Popshoy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moldovada MDHga a’zolik bo‘yicha asosiy shartnomalarni denonsatsiya qilish (bekor qilish) to‘g‘risidagi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilingan edi. Popshoyning ta’kidlashicha, bu qadam mamlakatning tashkilotdan chiqish jarayonini huquqiy jihatdan yakunlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Moldova Mixay Popshoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing