Mol-mulk va daromadlar deklaratsiyasi bo‘yicha alohida qonun tayyorlanadi – Bahrom Qo‘chqorov

Jamiyat

image

O‘zbekistonda barcha davlat xizmatchilarining daromadlar deklaratsiyasi bo‘yicha alohida qonun hujjati ishlab chiqiladi. Bu haqda Adliya vazirining o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan brifingda aytib o‘tdi.

Qo‘chqorov mazkur qonunning muhokamalarga sabab bo‘lgan 3 va 18-moddalari yuzasidan tushuntirish berdi.

“Qonunning muhokamalarga sabab bo‘lgan ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tsak. Qonunning 3-moddasida shunday deyilganki: qonun normalari ayrim toifadagi davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi xususiyatlaridan kelib chiqib, qonun normalari ularga to‘liq yoki qisman tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yilgan. Bu juda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Lekin bitta narsani tushuntirib o‘tishim kerak. Bu toifalar kim? Nega bu ularga tatbiq qilinmaydi, deyapmiz? Qonunning nomidan kelib chiqdik “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” ya’ni, fuqarolik degan so‘z turibdi. “Davlat xizmati” keng qamrovli tushuncha, lekin “Davlat fuqarolik xizmati” bu boshqa xizmat. Ya’ni professional davlat xizmatchilari to‘g‘risida.

Xalqaro tajribada davlat xizmati asosan ikki toifaga bo‘linadi: fuqarolik xizmati va siyosiy xizmatchilar. 3-moddada istisno qilingan mana shu toifa bu siyosiy xizmatchilar hisoblanadi. Deputatlar, sudyalar bularni tayinlash, ularning majburiyati umuman boshqacha. Bu qonun talablarini sudya va deputatlarga tatbiq qilolmaymiz. Deputat saylanadi. Unga nisbatan attestatsiya qilish, kareraviy o‘sish degan narsa yo‘q. Deputat boshqacha maqomga ega. Bu umuman davlat xizmatida alohida kategoriya hisoblanadi. Sudyalar ham shunday”, dedi Bahrom Qo‘chqorov.

Shundan so‘ng, vazirlik mas’uli qonunda huquqni muhofaza qiluvchi, mudofaa, davlat xavfsizligi organlarida, diplomatik, bojxona, soliq va qutqaruv xizmatida xizmat o‘tayotgan davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi belgilanayotganiga izoh berdi.

“Huquqni muhofaza qiluvchi, mudofaa va boshqa organlar ham belgilangan modda bor. Ular alohida qonun bilan tartibga solinadi. Sababi ularning maqomi, vakolati boshqacha. Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi farmonlarida bular alohida qonun bilan tartibga solinishi belgilab berilgan. Bu bo‘yicha alohida qonunlarimiz bor, o‘sha qonunlar bilan ularning huquqlari, maqomi tartibga solinadi. Davlat xizmati tizimi takomillashtirilgan davrda bu qonunchilikka ham o‘zgartirish kiritiladi”, dedi vazir o‘rinbosari.

Bahrom Qo‘chqorov qonunda Hukumat a’zolariga berilgan istisno to‘liq emasligini urg‘ulab, Konstitutsiya va Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi hamda boshqa qonunlarda nazarda tutilmagan bandlar bo‘yicha bu qonun (Davlat fuqarolik xizmatlari to‘g‘risida”gi – tahr.) ularga tatbiq etilishini ta’kidladi.

“Qonunning 18-moddasida davlat xizmatchilarining daromadlar va mol-mulk to‘g‘risida deklaratsiyasi topshirishi belgilangan. Agar uni ham o‘qiydigan bo‘lsak, deklaratsiya topshirish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bu nima degani? Deklaratsiya topshirish umumiy qoida sifatida bu yerda belgilanyapti. Lekin bu alohida tartibga solinadigan masala. Deklaratsiya bo‘yicha Prezidentimiz farmonlarida umumiy davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadini deklaratsiya qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy qilish bo‘yicha topshiriq bor. Bu bo‘yicha alohida normativ-huquqiy hujjat ishlanyapti. Mana shu bilan tartibga solinadi. Xalqaro ekspertlar ham bu borada tavsiya berib, deklaratsiya qilish tartibini alohida qonun bilan belgilash kerak yoki korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida aksini topishi kerak degan. Bu qonunda qisman yoritilgan. To‘liq deklaratsiya tartibi yo‘q bu yerda. Chunki u alohida jarayon.

Bu narsa hammaga tatbiq qilinadi. Fuqarolik xizmatchisiga boshqacha, siyosiy xizmatchiga boshqacha emas. Bu korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining alohida elementi hisoblanadi. Shuning uchun, bu yerda qisman aks ettirilgan. Masalan, Yer kodeksimiz bor. Yer kodeksida yer solig‘i to‘lash tartibi belgilanmagan. U soliqqa aloqador. Hamma narsani bir hujjatga jamlolmaymiz, yoritib berolmaymiz. Shuning uchun, ayrim masalalar boshqa qonunlar bilan tartibga solinadi”, dedi Bahrom Qo‘chqorov.

U o‘z aytganlariga misol tariqasida Mehnat kodeksidagi normalar bilan deputat, sudya va Hukumat a’zolarini ishdan olib bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Buning uchun Konstitutsiya va alohida qonunlar borligi ta’kidlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Bahrom Qo'chqorov deklaratsiya

Baholaganlar

81

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing